Erondagi urush fonida pista narxlarining keskin oshishi mashhur Dubay shokoladi ishlab chiqaruvchilariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.

Nashrning qayd etishicha, Erondagi urush xandon pista narxlarining keskin sakrashiga sabab bo‘lgan.

Jahon pista ishlab chiqarishining qariyb beshdan bir qismini va eksportining 25−30% ini ta’minlaydigan Eron hosilni olib chiqishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Mojaro logistikani izdan chiqardi, yuk tashish kompaniyalari esa yo‘nalishlarni o‘zgartirmoqda, bu esa kechikishlar va xarajatlarning oshishiga olib kelyapti, deya qayd etadi gazeta.

“Bu qimor o‘yiniga o‘xshaydi — biz qanday narxda sotishni bilmayapmiz”, — dedi yong‘oq mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Londondagi Borna Foods ulgurji kompaniyasining bosh direktori Behnam Haydaripur

Expana tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida pistalar narxi bir funt (taxminan 450 gramm) uchun qariyb $4,57 ga yetib, 2018-yildan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Financial Times nashrining yozishicha, tarkibida pista kremi bo‘lgan Dubay shokoladi atrofidagi jahon miqyosidagi shov-shuvlar fonida talab qisman oshgan. Dubay shokoladining mashhurligi pista qo‘shilgan mahsulotlarga bo‘lgan talabning ortishiga ham olib keldi.

Oziq-ovqat bozorini o‘rganishga ixtisoslashgan Expana platformasi tahlilchisi Nik Mossning ta’kidlashicha, “urush yangi cheklovlarni paydo qilishdan ko‘ra, mavjudlarini yanada kuchaytirdi”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, muammolar “ustma-ust yig‘ilib qolmoqda”: mojaro boshlanishidan avval ham asosiy pista yetishtiruvchilar (AQSH, Turkiya, Eron)ning 2025-yilgi hosili kutilganidan past bo‘lgan, Eronda esa hosildorlikka qurg‘oqchilik o‘z ta’sirini ko‘rsatgan edi.

Bundan tashqari, Financial Times yozishicha, Eronning umumiy eksporti G‘arb davlatlari sanksiyalari bilan cheklangan.

Eron pista ishlab chiqaruvchilar uyushmasi boshqaruvi a’zosi Behruz Ogohning so‘zlariga ko‘ra, urush Bandar Abbos porti orqali amalga oshiriladigan eksportga jiddiy putur yetkazgan.

“Hozirgi vaqtda Hindiston bozoriga pista jo‘natishning muqobil yo‘nalishi Turkiyaning Mersin porti va Suvaysh kanali orqali o‘tadi, bu esa qimmatroq va ko‘proq vaqt talab etadi. Xitoy bozoriga yetkazib berish uchun temiryo‘l yo‘nalishi mavjud bo‘lsa-da, u ham qimmat va murakkab”, — dedi u.

Xaridorlar Eron pistasi o‘rnini bosadigan mahsulotni birinchi navbatda AQSHdan qidirmoqda, biroq FT’ning qayd etishicha, amerikalik eksportchilar zaxiralarining asosiy qismini sotib ulgurgan.

Borna Foods rahbari almashtirish bilan bog‘liq muammoni “Eron pistasining tarkibida boshqa navlarga qaraganda yog‘ miqdori ko‘proq” ekani, bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, ta’mga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi bilan izohladi.

Aprel oyi o‘rtalarida Bloomberg ham pista narxlari sakkiz yillik eng yuqori cho‘qqiga chiqqanini ta’kidlagan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida, Eronda urush boshlanishidan avval ham FT nashri Dubay shokoladining keskin ommalashuvi jahonda pista taqchilligiga va uning narxi keskin oshishiga olib kelgani haqida yozgan edi.

O‘shanda nashrga Ogohning eslatishicha, 2025-yildagi tanqislikdan avval 2023-yilda talab past bo‘lgan: o‘shanda taklif xaridorlar qiziqishidan oshib ketgan va bu narxlarning tushishiga sabab bo‘lgan edi.