Toshkent shahar hokimiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dauletiyar Xudaybergenov hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.
U, shuningdek, Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga boshliq hisoblanadi.
Dauletiyar Xudaybergenov 1990-yilda Nukus shahrida tug‘ilgan. 2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutini bakalavriat, 2015-yilda magistratura bosqichlarini tamomlagan.
2024-yilda Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universitetini qayta tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan. 2025-yilda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan.
Tayinlovga qadar Prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Shu bilan birga, Alisher Dusmuhamedov hokimning axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari — Raqamli rivojlanish departamenti rahbari etib tayinlandi.
Dusmuhamedov 1981-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini, 2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2013-yilda Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini, 2021-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan.
U 2023-yil 29-martdan tayinlovga qadar Bojxona qo‘mitasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta‘minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Spot, avvalroq, Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.