Avvalroq prezidentning ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan 18 yosh va undan katta, chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan shug‘ullanayotgan qonuniy vakillarga har oy parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.

Nafaqa miqdori o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarni parvarishlayotgan qonuniy vakillarga beriladigan to‘lov bilan teng bo‘ladi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun faoliyat yuritayotgan Muruvvat internat uylari endilikda G‘amxo‘rlik markazlari deb qayta nomlanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi.

2026-yil 1-maydan G‘amxo‘rlik markazlariga psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra joylashtirilishi belgilangan nogironligi bo‘lgan bolalar qabul qilinadi.

Oila a‘zolari yoki yaqin qarindoshlari bo‘lmagan, turarjoyga ega bo‘lmagan yoxud yashashga yaroqsiz uyda istiqomat qilayotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ham qabul qilinadi.

Bundan tashqari, yuqoridagi toifalarga kirmaydigan ruhiy holati buzilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ham markazlarga joylashtiriladi.

Markazlarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi ham joriy etiladi. Unga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar sport, ijodiy mashg‘ulotlar, ergoterapiya, mehnat hamda ijtimoiy-ma‘naviy terapiya orqali reabilitatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, ularni mustaqil hayotga tayyorlash maqsadida Murabbiy kuzatuvida mustaqil yashash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Spot, avvalroq, nogiron bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yilgacha soliqlardan ozod etilishi haqida yozgandi.