Kiberxavfsizlik markazi hakerlik va ma‘lumotlar sizdirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda markazning ichki axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish amalga oshirilgani va xodimlarga oid shaxsiy ma‘lumotlar sizdirilgani bo‘yicha xabarlar tarqalgandi.

O‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlarda tarqatilayotgan ma‘lumotlar haqiqatga mos kelmasligi aytildi.

Taʼkidlanishicha, markaz ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma‘lumotlar bazasidan foydalanilmaydi.

Kun.uz nashri o‘zi tanishib chiqqan eʼlonga tayanib qo‘shimcha maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, maʼlumotlarni sotuvga qo‘ygan haker Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib borgani hamda Davlat xavfsizlik xizmati va razvedka xodimlari maʼlumotlar bazalariga kirish huquqini qo‘lga kiritganini daʼvo qilgan.

2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolarining maʼlumotlari bir nechta resurslar, jumladan, darknetdagi saytlarda tarqalgani va ularga oid havolalar mavjudligi haqidagi xabarlar e‘lon qilingandi. Xakerlar yashirin forumlarda maxfiy ma’lumotlar sotuvga qo‘yilgani haqida e’lon joylashtirgan.

Xakerning da’vo qilishicha, hukumatning asosiy OAuth-autentifikatsiya serveri buzilgan bo‘lib, bu davlatni ishonchli autentifikatsiya markazi sifatida foydalanadigan barcha mijoz tizimlarini zararlagan.

3-fevral kuni IIV Kiberxavfsizlik markazi ehtimoliy sizib chiqish holatiga izoh berib, hozirda mazkur holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilayotgani va qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishini ma’lum qilgan edi.

Bir qator davlat organlari, jumladan, Markaziy bank, Milliy statistika qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi va Soliq qo‘mitasi rasmiy bayonot bilan chiqib, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi to‘liq ta’minlanishini bildirgandi.


Spot, avvalroq, bank kartalari va kripto-hamyon ma‘lumotlarini berish uchun javobgarlik kuchaytirilayotgani haqida yozgandi.