Toshkent viloyatida zararli dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Chirchiq shahrida yashovchi 21 yoshli fuqaro o‘zi yaratgan zararli APK dasturlarini 100−300 ming so‘m evaziga Telegram orqali 10 ga yaqin akkaunt foydalanuvchilariga sotgan.
Shuningdek, zararli dasturlarni sotib olgan mijozlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ularga foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha maslahatlar bergan.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs Telegram‘dagi 5 dan ortiq guruh va kanallarning administratori hisoblangan. Ularda doimiy ravishda zararli APK dasturlarning imkoniyatlari to‘g‘risida postlar joylashtirgan.
Tezkor tadbir davomida undan 1 dona Asus ExpertBook noutbuk, 1 dona Redmi Note 10 Pro telefon, 1 dona qattiq disk va 2 dona bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur dasturlar yordamida o‘zgalarning Telegram‘idagi akkauntlariga ruxsatsiz ulanib, telefonlaridagi SMS xabarlarni o‘qish va to‘lov tizimlaridagi pulni o‘zlashtirib olish mumkin. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘tgan yilning sentabrida Toshkentda Apk fayllar yuborib, fuqarolarning pullarini o‘g‘irlagan 5 kishi ushlangandi. Ular 133 nafar fuqaroning shaxsiy maʼlumotlarini o‘zlashtirib, jami 3 mlrd so‘mga yaqin pullarini qo‘lga kiritgan edi. Keyinroq IIV zararli APK fayllarni aniqlaydigan Telegram-botni ishga tushirgandi.
Spot, avvalroq, Kiberxavfsizlik markazi tizimlariga buzib kirilgani haqidagi xabarlar rad etilgani haqida yozgandi.