Prezident 2026-yilda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.
Unga ko‘ra, 1-iyuldan davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalarda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan binolar kamida C toifadagi energiya samaradorligiga ega bo‘lishi shart bo‘ladi.
Elektr va gazni isteʼmolchilarni tarmoqdan uzish yoki cheklash orqali tejash amaliyotiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya servis kompaniyalari (ESKO) xizmatlari uchun Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi.
2026-yildan energiya sarfi meʼyordan yuqori bo‘lgan davlat obyektlarida xalqaro standartlar va energoaudit mexanizmlari asosida modernizatsiya dasturlari joriy etiladi.
1-oktyabrgacha energiya isteʼmolini Big Data, biznes-tahlil va sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, har yarim yilda iqtisodiyotning energiya sig‘imi hisoblanib, ochiq eʼlon qilib boriladi.
2026-yil 1-sentabrgacha energiya samaradorligiga oid mavzular oliy taʼlim dasturlariga kiritiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan esa barcha taʼlim bosqichlarida energiya tejamkorligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, energiya tejamkorligi va energoaudit magistraturasiga qabul 25%ga oshiriladi.
Farmon ijrosi maxsus platforma orqali nazorat qilinadi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida Energiya samaradorligi — farovon hayot garovi umummilliy harakati doirasida targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Spot, avvalroq, kichik va o‘rta korxonalarda energiya samaradorlik bo‘yicha 3 yillik dastur ishlab chiqilishi haqida yozgandi.