Abdulla Abduqodirov Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori v.b. etib tayinlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
U 2022-yildan buyon agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Abdulla Abduqodirov 1961-yil 19-fevralda tug‘ilgan. 1982-yilda Toshkent Xalq Xo‘jaligi Instituti tamomlagan.
Ish faoliyatini Fanlar akademiyasida boshlab, keyinchalik Moliya vazirligida davom ettirgan.
U Davlat mulk qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari (1996−2004-yillar), ABN AMRO NV Netherlands bankining O‘zbekistondagi filialida rahbarlik lavozimida (2000−2004-yillar) faoliyat yuritgan.
Shuningdek, 2005−2013-yillarda Smart Heating Systems korxonasi bosh direktori, 2008−2013-yillarda esa Infinbank kuzatuv kengash aʼzosi vazifasida ishlagan.
2015-yildan 2022-yilgacha Double A Solutions korxonasida bosh direktor, 2020−2022-yillarda esa investitsiyalar va tashqi savdo vaziri maslahatchisi lavozimida ish olib borgan.
Maʼlumot uchun, 2021-yili Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashkil etilgandi.
Spot, avvalroq, Mikrokreditbank raisi Orif Butayev qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lgani haqida yozgandi.