Qirg‘izistonda banklar va moliya tashkilotlarining virtual aktivlar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilinmoqda. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.
Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat “Virtual aktivlar tg‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, banklar, nobank moliya-kredit tashkilotlari va Milliy bank nazoratidagi boshqa yuridik shaxslarga kriptovalyutalarni sotib olish, sotish va ayirboshlash bo‘yicha xizmatlarni rasman ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Hozirda faqat ayrim operatsiyalarga, ya’ni virtual aktivlarni o‘tkazish, saqlash va boshqarishga, shuningdek, ularni joylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy xizmatlarga ruxsat etilgan.
Qayd etilishicha, kriptovalyutalarni sotib olish va ayirboshlash operatsiyalari esa ular uchun hozircha taqiqlangan.
Asoslantiruvchi ma’lumotnomada ta’kidlanishicha, hukumat bunday xizmatlarni qonuniylashtirish virtual aktivlar aylanmasini oshirishga, operatsiyalar shaffofligini yaxshilashga va kriptoaktivlarni mamlakatning an’anaviy moliya tizimiga integratsiya qilishga imkon beradi, deb hisoblamoqda.
Bundan tashqari, loyiha tashabbuskorlari soliq tushumlari o‘sishini, xorijiy investitsiyalar jalb etilishini va moliya texnologiyalari sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishini kutmoqda.
Shuningdek, hujjatda so‘nggi yillarda fuqarolar va biznes vakillari orasida kriptovalyutalarga qiziqish sezilarli darajada ortgani hamda bank xizmatlarini kengaytirish Qirg‘izistondagi virtual aktivlar bozorini qonuniylashtirish va tartibga solishga yordam berishi qayd etilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda tashqi va chakana savdoda kriptovalyuta to‘lovlari sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.
Buning uchun blokcheynga asoslangan to‘lov tizimi yaratiladi. Steyblkoinlardan foydalanish tranzaksiyalarni tezlashtiradi va arzonlashtiradi.