Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari naqd pulsiz hisob-kitob shakliga o‘tkazilgandan so‘ng Toshkentning uy-joy ijarasi bozorini tahlil qildi.

OLX platformasidagi 1,7 mlndan ortiq e’lonlar asosida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, islohotdan keyingi birinchi oyda poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha narxi mart oyidagi $550 darajasida saqlanib qolgan. Yillik nisbatda ko‘rsatkich o‘zgarishsiz qoldi.

Tahlilchilar taklif hajmida ham sezilarli o‘zgarishlarni qayd etishmadi: aprel oyida faol e’lonlar soni 22,8 mingtani tashkil etdi, bu yanvar-mart oylaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,8% ga yuqori.

Ijara stavkalarining umumiy darajasi barqaror bo‘lib qolmoqda, biroq bozor ichida manzara bir xil emas: ixcham uy-joylar qimmatlashmoqda, ko‘p xonalilari esa arzonlashmoqda.

Bir xonali kvartiralar ijarasi yil davomida 14,3% ga oshib, $400 ni, ikki xonali kvartiralar ijarasi esa 10% ga oshib, $550 ni tashkil etdi. Shu bilan birga, uch xonali uylar uchun stavkalar 12,5% ga pasayib, $700 ni, to‘rt va undan ortiq xonali uylar uchun esa 26,1% ga pasayib $850 ni tashkil etdi.

ijara, toshkent, uy-joy

Markaziy tumanlarda ko‘p xonali uy-joylar ijarasi sezilarli darajada arzonlashdi. Mirobod tumanida uch xonali kvartiralar uchun ijara stavkalari yil davomida $1200 dan $1000 gacha (-16,7%), Shayxontohur tumanida $1200 dan $950 gacha (-20,8%), Yakkasaroy tumanida $1000 dan $900 gacha (-10,0%) pasaydi.

Xuddi shu tumanlarda bir xonali uylar, aksincha, qimmatlashdi: Mirobod tumanida stavkalar $450 dan $593 ga (+31,8%), Yakkasaroyda $450 dan $500 ga (+11,1%) ko‘tarildi.

Uy-joy arzonroq bo‘lgan hududlarda yagona tendensiya yo‘q. Olmazor tumanida bir xonali kvartiralar $300 dan $350 gacha (+16,7%), ikki xonali kvartiralar $400 dan $450 gacha (+12,5%) qimmatlashdi, uch va to‘rt xonali kvartiralar esa mos ravishda 5,5% va 16,7% ga arzonlashdi.

Yashnobod tumanida to‘rt xonali kvartiralar narxi $1000 dan $650 gacha (-35,0%) pasaygan bo‘lsa, bir xonalilar narxi $350 dan $400 gacha (+14,3%) ko‘tarildi.Umumiy fonda Uchtepa tumani ajralib turadi, u yerda uch xonali kvartiralar ham ($453 dan $500 gacha, +10,4%), to‘rt xonali kvartiralar ham ($525 dan $550 gacha, +4,8%) qimmatlashgan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, 2026-yilning apreli islohotdan keyingi birinchi oy bo‘ldi, shuning uchun uning yakuniy ta’sirini baholash uchun 2026-yilning ikkinchi va uchinchi choraklaridagi tendensiyalarni kuzatish muhimdir.


Avvalroq Spot aprelda O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari 8,5% ga oshgani haqida yozgandi.

Eng yuqori o‘sish Sirdaryo qayd etildi, Surxondaryo hamda Buxoro viloyatida ham narxlar sezilarli oshgan.