Avvalroq prezident kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida so‘nggi yillarda kichik biznesni kreditlash hajmi sezilarli darajada oshgani, so‘nggi ikki yil ichida esa o‘sish sur‘ati deyarli ikki baravarga oshganini aytdi. Shu bilan birga, ularning iqtisodiyotdagi ulushi barqaror bo‘lib qolmoqda — YIMning qariyb 12% i.

2030-yilga borib kichik biznes kredit portfelini yalpi ichki mahsulotning 20% igacha — hozirgi 218 trln so‘mdan 654 trln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu mo‘ljal xuddi shunday ko‘rsatkichlar 7% dan 22% gacha bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro tajribasini hisobga olgan holda shakllantirilgan.

Bank sohasi va tadbirkorlikdagi asosiy muammolarni raqamlashtirish orqali hal etish rejalashtirilgan. Xususan, Markaziy bank banklar uchun muqobil skoring modelini ishlab chiqmoqda, u 27 ta vazirlik va idoralarning ma‘lumotlari, jumladan, kommunal to‘lovlar, soliq va bojxona organlari bilan o‘zaro aloqalar asosida mijozlarni baholaydi.

Shuningdek, kichik biznes uchun moliya bozorini yaratish ustida ish olib borilmoqda, bu esa moliyalashtirishga kirishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

“Biz ushbu platforma oldiga ikkita maqsad qo‘yganmiz. Birinchisi — tadbirkorlar bankma-bank yurib, o‘zining kreditga layoqatliligini isbotlashi emas, balki banklarning o‘zi yaxshi, ishonchli mijozlar uchun raqobatlashishi. Ikkinchisi — past skoringga ega mijozlarni moliyaviy intizomni oshirishga rag‘batlantirish. Agar mijozning skoringi past bo‘lsa, tizim buning sababini — aynan qaysi moliyaviy munosabatlarda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi. Xudo xohlasa, 1-iyundan platformani ishga tushiramiz va uning imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytiramiz”, — dedi u.

Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov 2030-yilgacha kichik biznesning joriy kredit portfelini uch barobarga oshirishni “juda ulkan” maqsad deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim banklar o‘rtasida sifatli qarz oluvchilar uchun raqobatni kuchaytirishi, tadbirkorlarni esa kredit tarixini shakllantirish va moliyaviy intizomga rioya qilishga undashi kerak.

Prezident loyihani ma‘qullab, bu faqat birinchi bosqich ekanini ta‘kidladi. U har 6−9 oyda yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish va platforma faoliyatini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Ikkinchi bosqichda O‘zbekkosmos agentligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi uchun alohida skoring tizimini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, Shuhratbek Qurbonov Markaziy bank tarkibidagi Simple Smart Systems kompaniyasiga rahbar bo‘lgani haqida yozgandi.