AQSH Kongressi quyi palatasi Ukrainaga yordam ko‘rsatish va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

Qayd etilishicha, 5-iyun bo‘lib o‘tgan ovoz berishda Vakillar palatasining 226 a’zosi hujjatni qo‘llab-quvvatladi, 195 nafari qarshi chiqdi.

“Ha” deb ovoz berganlar orasida 207 nafar demokrat, 18 nafar respublikachi va bir nafar mustaqil kongressmen bor. Tashabbus kuchga kirishi uchun uni AQSH Senati ma’qullashi kerak.

Qonun loyihasi aprel oyida ko‘rib chiqish uchun kiritilgan va Ukrainani tiklash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, u AQSH prezidentining Ukraina va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga kredit yoki ijara mexanizmlari bo‘yicha mudofaa mulkini berish vakolatlarini qayta tiklaydi.

Hujjatga ko‘ra, Pentagon 2027-yil oxirigacha Ukrainaga razvedka yordami ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, Davlat departamenti Boltiqbo‘yi mamlakatlari qurolli kuchlari va chegara tuzilmalarining imkoniyatlarini kuchaytirish majburiyatini oladi.

Hujjat, shuningdek, Rossiyaga bosim o‘tkazish vositalarini kengaytiradi. AQSH prezidenti qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish, Rossiya shaxslari va tashkilotlarining aktivlarini bloklash, shuningdek, yangi eksport cheklovlari va bojlarini o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi.

Tashabbusning Senatda ko‘rib chiqilishi navbatdagi muhim bosqich bo‘ladi. Reuters’ning qayd etishicha, hujjat Kongressning yuqori palatasida ma’qullangan taqdirda ham, Donald Tramp veto huquqidan foydalanishi mumkin.

2025-yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan so‘ng uning ma’muriyati Ukrainaga yordam ko‘rsatishni sezilarli darajada sekinlashtirgan.

Shuningdek, prezident sanksiyalarni joriy etish bo‘yicha qarorlar ustidan nazoratni o‘zida saqlab qolishini va bu vakolatni Kongressga topshirmasligini bir necha bor ta’kidlagan.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi iyun oyi oxiri yoki iyul boshida taqdim etilishi mumkin.