Sog‘liqni kuzatuvchi ilovalar va aqlli qurilmalar (Garmin, Oura, Whoop, Apple Watch va boshqalar) inson salomatligiga yordam berishi bilan birga, ayrim hollarda ortiqcha tashvish va stressni ham keltirib chiqarishi mumkin. Bu haqda Business Insider nashri xabar berdi.

29 yoshli Keti Enn Xeyz uzoq davom etgan COVID oqibatidagi holatini nazorat qilish uchun Garmin soatini taqa boshlagan. Qurilmadagi “Body Battery” funksiyasi uning energiya zaxirasini baholab berardi.

Dastlab bu foydali tuyulgan, ammo vaqt o‘tishi bilan u ko‘rsatkichlarga haddan tashqari bog‘lanib qolgan. Batareya darajasi past bo‘lsa, muhim uchrashuvlar yoki kundalik ishlardan oldin xavotirga tushadigan bo‘lgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, bugungi kunda insonlar qadamlar soni, uyqu sifati, yurak urishi, stress darajasi va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlarni muntazam kuzatmoqda. Wellness texnologiyalari bozori esa 2033-yilga borib $230 mlrdga yetishi prognoz qilinmoqda.

Shifokorlar va tadqiqotchilar sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni doimiy kuzatish odamlarni keraksiz xavotirga solishi mumkinligini aytmoqda. Ayrim ko‘rsatkichlar ilmiy jihatdan yetarlicha isbotlanmagan yoki klinik ahamiyati cheklangan bo‘lishi mumkin.

Masalan, uyquni kuzatuvchi ilovalar ba’zan “ortosomniya” deb ataladigan holatni keltirib chiqaradi. Bunda inson ideal uyqu ko‘rsatkichlariga erishishga haddan tashqari berilib ketadi va natijada uyqu sifati yanada yomonlashadi.

Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi sog‘liq bo‘yicha tavsiyalar ham har doim ishonchli emas. Tadqiqotlar ayrim chat-botlar noto‘g‘ri yoki xavfli maslahatlar berishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Maqolaga ko‘ra, ko‘plab odamlar an’anaviy tibbiyot tizimida yetarli yordam topa olmagani uchun bunday texnologiyalarga murojaat qilmoqda.

Ba’zi hollarda qurilmalar kasalliklarni erta aniqlashga yordam berishi mumkin. Biroq ayrim foydalanuvchilar yolg‘on signal yoki noto‘g‘ri talqin qilingan ma’lumotlar ortidan vaqt, pul va ruhiy energiyasini sarflab qo‘yadi.

Muallif va ekspertlarning fikricha, sog‘liqni kuzatuvchi qurilmalar foydali vosita bo‘lishi mumkin, ammo ular insonning o‘zini qanday his qilayotganidan ustun turmasligi kerak.

Raqamlar va reytinglarga ko‘r-ko‘rona ergashish o‘rniga, organizm signallariga ham quloq tutish muhim. Texnologiya salomatlikka xizmat qilishi kerak, salomatlik esa texnologiya ko‘rsatkichlariga qaram bo‘lib qolmasligi kerak.


Avvalroq Spot Samsung aqlli soatlarida glyukoza darajasini o‘lchash funksiyasini joriy etishi haqida yozgandi.

Ushbu texnologiya qondagi qand miqdorini invaziv usullarsiz — yorug‘lik yordamida ma’lumotlarni tahlil qiladigan optik sensorlar orqali kuzatish imkonini beradi.