2025-yilda O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 15% ga oshirdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Gazprom’ning o‘tgan yilgi yillik hisobotida aytiladi.
2024-yilga nisbatan Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” magistral gaz quvuri orqali teskari rejimda gaz yetkazib berish hajmi oshdi.
Gazprom’ning ta’kidlashicha, 2025-yilning oktabr-dekabr oylarida O‘zbekistonga gaz yetkazib berish maksimal texnik imkoniyat darajasida amalga oshirilgan.
Yil davomida yetkazib berish hajmi 14,89% ga — 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrgacha oshdi. O‘zbekiston Rossiya gazini qabul qila boshlagan 2023-yil bilan solishtirganda, import besh baravardan ko‘proqqa oshgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymat jihatidan 1,2% ga kamayib, $1,65 mlrdni tashkil etgan.
Energetika vazirligi ham, Milliy statistika qo‘mitasi ham an’anaviy ravishda gaz importining fizik hajmi va 1000 kub metr narxini oshkor qilmaydi. Kommersant ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston Rossiya gazini 1000 kub metr uchun $160 dan sotib olgan.
Agar $160 asos qilib olinsa, 6,48 mlrd kub metr gaz importi kamida $1,03 mlrdga tushgan. Bu esa gaz umumiy import qiymatining 62,8%idan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Qolgan $613,2 mln Turkmanistondan yetkazib berilgan gaz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Spot Energetika vazirligiga Rossiyadan gaz importining fizik va qiymat hajmlari bo‘yicha so‘rov yubordi.
2025-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashdi.
Xususan, Gazprom O‘zbekistonga yiliga 7,7 mlrd kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani amalga oshirishni davom ettirayotgani ma’lum qilindi. Bu 2024-yilda yetkazib berilganidan (5,64 mlrd kub metr) 2 mlrd kub metrga ko‘pdir.
Dastlab O‘zbekistonga Rossiya gazi importini 2025-yilga borib 11 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan edi, bu 2023-yilda yetkazib berilgan hajmdan to‘rt baravar ko‘pdir.
2024-yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida “Markaziy Osiyo — Markaz” quvur tizimining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya NQIZlar uchun neft va xomashyo yetkazib berishni muhokama qilgani haqida yozgandi.