Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni Samarqand viloyati tumanlarini kompleks rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni, jumladan, qo‘shimcha subsidiyalar va soliq keshbeklarini o‘z ichiga oladi. Joriy yildan boshlab har yili iyun-avgust oylarida “Ochiq turizm mavsumi” dasturi o‘tkaziladi.

Dastur doirasida turoperatorlar va mehmonxonalar to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50%ini keshbek shaklida qaytarib olishlari mumkin (taqqoslash uchun, boshqa mavsumlarda mezonlarga javob bergan taqdirda QQSning 20%i qaytariladi — Spot).

Shuningdek, O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan turoperatorlar xorijiy sayyohlarni jalb qilganliklari uchun byudjetdan to‘lovlar oladilar. To‘lovlar miqdori har ming sayohatchi uchun $5000 ni tashkil etadi.

O‘zbekistonga yangi reyslarni yo‘lga qo‘yayotgan mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar parvozlarni tashkil etish xarajatlarining bir qismini qoplashi mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, tashuvchilarga respublikaga jalb qilingan har bir ichki sayyoh uchun $100 beriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda obunachilari soni 5 mln va undan ortiq bo‘lgan 50 nafar xorijiy blogerlar 7 kunlik bepul sayyohlik dasturlaridan foydalanishlari mumkin.

O‘zbekistonni jahonning yirik sayyohlik platformalarida targ‘ib qilish xarajatlari qoplab beriladi.

Davlat rahbari joriy yil mart oyida Samarqand viloyatini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda “Ochiq turizm mavsumi” dasturi ishga tushirilishini ma’lum qilgan edi.

O‘shanda u global turizm sohasidagi noaniqliklar fonida O‘zbekistonni xavfsiz sayohat yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish kampaniyasini boshlashni buyurgan edi.

10 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ma’qulladi.

Samarqandning tarixiy markazida 13 ta piyodalar ko‘chasini tashkil etish, shuningdek, viloyatdagi mehmonxonalar sonini 85 taga yetkazish rejalashtirilgan. Yillik turistik xizmatlar hajmi $750 mlngacha o‘sishi kutilmoqda.


Avvalroq umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun soddalashtirilgan soliq tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.