Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagani haqida yozgandi. Prezident xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

Davlat rahbari muhim yo‘nalishlardan biri sifatida mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish ekanligini qayd etdi.

Investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga egaligi, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liq va butun jahonga ochiq bo‘lgan katta imkoniyatlar maydoniga aylanayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan Transafg‘on koridori loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan “O‘rta koridor” transport yo‘nalishi ham rivojlantirilmoqda.

Ushbu loyihalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish evaziga O‘zbekiston Osiyo va Yevropani bog‘laydigan transport magistrallar tarmog‘iga qo‘shiladi.

O‘zbekistonda transport-logistika yo‘nalishida qator megaloyihalar ham boshlangan. Masalan, saudiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.

Investorlar forum doirasida taqdim etilayotgan tezyurar avtomobil yo‘llarini barpo etish, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar"ni qurish kabi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qilindi.

Shuningdek, hududlarni rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida sanab o‘tdi.

O‘zbekiston aholisi 40 mlnga yaqinlashayotgani sabab urbanizatsiya va shaharsozlik loyihalariga ehtiyoj ortmoqda. 2040-yilgacha uy-joy qurilishini ikki baravar oshirish va urbanizatsiya darajasini 65%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Poytaxt yaqinida 2 mln aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent megapolisi barpo etilmoqda. Shuningdek, Andijon, Namangan va Samarqandni millionli shaharlarga aylantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarining qayd etishicha, mamlakatda uy-joy qurilishi loyihalari yiliga kamida $10 mlrdlik kafolatli bozorni ta’minlaydi.

Bunga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston infratuzilmani barpo etishda $27 mlrdlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini investorlar bilan amalga oshirishga tayyorligi ta’kidlandi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston investorlarga 50 yillik soliq imtiyozlari va xalqaro huquqiy himoya taklif qilingani haqida yozgandi.