O‘zbekistonda aholining kredit olishga talabi oshmoqda, ularning xarajatlar bo‘yicha kutilmalari ham yuqori darajada qolmoqda. Bu haqda Markaziy bankning Iste’mol kayfiyati sharhida keltirilgan.

2026-yilning birinchi choragida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, daromadlar subindeksi 72,8 bandni tashkil qilib, o‘sishda davom etdi. Bunga real daromadlarning o‘sishi va xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining ortishi ta’sir ko‘rsatgan.

Respondentlarning 68%i daromadlarining oshishini, 25%i esa barqaror qolishini kutmoqda. Daromadlari pasayishini kutayotganlar ulushi 7% gacha qisqardi — bu so‘nggi yillardagi minimal darajadir.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

Shu bilan birga, eng ijobiy kutilmalar 20 mln so‘mdan yuqori daromad oluvchilarga to‘g‘ri keldi — ularning 77%i daromadi oshishini kutmoqda (avvalgi chorakda 72%). 3−5 mln va 7−10 mln so‘m daromadga ega ishtirokchilar o‘zgarishlarni kutmayapti, 10−15 mln so‘m oluvchilar esa, aksincha, daromadlar pasayishini kutyapti.

Aholining asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilmoqda. Tomorqa, tadbirkorlik, savdo, kunlik ishlar, ijara va pul o‘tkazmalaridan daromad oluvchilar ulushi biroz oshgan.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

Xarajatlar bo‘yicha kutilmalar ham yuqori darajada (78,1 band) qolmoqda. Ishtirokchilarning 77%i kelgusi davrda xarajatlari oshishini bildirgan. Biroq, eng yuqori va eng past daromadga ega bo‘lganlar kelgusida xarajatlarini qisqartirmoqchi.

Uy-joy ta’miri barcha daromad guruhlari uchun eng ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Past daromadli aholi (5 mln so‘mgacha) asosan uy-joy ta’miri, ta’lim va kundalik ehtiyojlarga mablag‘ ajratishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, o‘rta daromadli (5−10 mln so‘m) qatlamlarda ta’lim, sayohat, avtomobil va to‘y xarajatlariga qiziqish yuqori.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

Yuqori daromadli guruhlarda esa avtomobil, sayohat, uy-joy xaridi va maishiy texnika kabi yirik xaridlar ustuvorlik qilmoqda. Ayniqsa, oyiga 15−20 mln so‘mdan ortiq topadiganlar orasida sayohat va uy-joy xaridiga talab yuqori bo‘lib qolmoqda.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

30 yoshgacha bo‘lganlar asosan ta’lim, uy ta’mirlash, sayohat va avtomobil xaridiga mablag‘ sarflashni rejalashtirayotgan bo‘lsa, o‘rta yoshdagilar (31−50) pullarini uy-joy xaridi va ta’miri, davolanish, ta’lim hamda avtomobil sotib olishga yo‘naltirmoqchi. 51 yoshdan yuqori qatlamda esa uy-joy ta’miri va davolanish xarajatlari ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

Joriy yilning yanvar-mart oylarida aholining kreditga bo‘lgan talabi biroz oshdi (65,6 band). So‘rovnoma ishtirokchilarining 56%i kelgusida kredit olishga ehtiyoji borligini bildirgan.

Kreditga talab oyiga 7 mln so‘mgacha daromad topadiganlar orasida oshishi mumkin. 10−15 mln so‘m va 20 mln so‘mdan yuqori daromadlilar orasida esa talab pasayib bormoqda. Mablag‘larni uy-joy ta’miri, ta’lim, to‘y, avtomobil xaridi va davolanish xarajatlariga sarflash rejalashtirilmoqda.

daromad, kreditlar, kutilmalar, markaziy bank, xarajatlar

Bu davrda jamg‘arish subindeksi 70,6 bandni tashkil etib, o‘tgan chorakka nisbatan 1,7 bandga oshdi. Respondentlarning qariyb 66%i jamg‘armalari ko‘payishini kutayotganini bildirgan, jamg‘armasi yo‘qligini aytganlar ulushi esa 40,1% gacha kamaygan.

Kelgusida jamg‘armalarning 1−3 oyga hamda 6 oydan ortiq muddatga yetishini kutayotganlar ulushi biroz oshdi, 1 oygacha va o‘rta muddatlar bo‘yicha kutilmalar pasaydi.

Respondentlarning 58%i moliyaviy ahvoli yaxshilanganini qayd etgan bo‘lsa, moliyaviy holati yomonlashganini bildirganlar ulushi 9,7% gacha pasaygan. Jamg‘arishga qiziqish ortib borayotgani bank omonatlarida ham aks etmoqda. Xususan, birinchi chorakda so‘mdagi muddatli omonatlar hajmi yillik hisobda 31,1% ga oshgan.

Spot, avvalroq, Markaziy bank raisining O‘zbekistonda kreditlar qimmatligi haqidagi fikrlarini yozgandi.