Ferrari Luce elektromobilining muvaffaqiyatsiz taqdimotidan so‘ng marketing direktorini ishdan bo‘shatdi, deya xabar berdi Reuters nashri.
May oyi oxirida Ferrari o‘zining futuristik dizayndagi ilk elektromobili — Luce’ni taqdim etgandi. Dastlabki bosqichda avtomobil besh xil rangda va bir nechta salon bezagi variantlarida taqdim etilishi, boshlang‘ich narxi 550 ming yevroni tashkil etishi haqida aytilgandi.
Modelning debyuti oson kechmadi: dizaynni ham iste’molchilar, ham Ferrari’ning sobiq direktori tanqid qildi, kompaniya aksiyalari esa bir kunda 8% ga arzonlashdi.
Taqdimotdan bir oy o‘tmasdanoq, Ferrari marketing bo‘yicha direktorini ishdan bo‘shatishga qaror qildi.
Kompaniya rasman Enriko Galyeraning ishdan olinishini Luce’ga bo‘lgan salbiy munosabat bilan bog‘lamayotgan bo‘lsa-da, OAV bu faktni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligini yozmoqda.
Galyera kompaniyada 16 yil ishlagan edi, endi esa uning o‘rnini BMW’ning Italiyadagi bo‘linmasi sobiq rahbari Massimiliano Di Silvestre egallaydi.
“Massimilianoni Ferrarida qutlashdan mamnunman. Uning xalqaro tajribasi va yetakchilik fazilatlari kompaniyaning navbatdagi yuksalish bosqichida uning rivojiga muhim hissa qo‘shadi”, — dedi Ferrari bosh direktori Benedetto Vinya.
Qayd etilishicha, kompaniya rahbariyati tarkibidagi o‘zgarishlar 1-iyuldan kuchga kiradi.
Avvalroq Spot Rolls-Royce yangi ikki o‘rinli elektromobilni taqdim etgani haqida yozgandi.
Nightingale deb nomlanadigan uzunligi 5,76 metrni tashkil etadigan modeldan 2028-yildan 100 dona yetkazib berilishi kutilmoqda.