Hashamatli avtomobillar ishlab chiqaruvchi Rolls-Royce kompaniyasi yangi ikki o‘rinli elektr kabriolet modelini taqdim etdi.

BMWga qarashli kompaniya G‘arbiy Sasseksning Gudvud shahridagi Rolls-Royce zavodida qo‘lda yig‘iladigan va 2028-yildan yetkazib berilishi kutilayotgan jami 100 dona Project Nightingale avtomobilini ishlab chiqarishini ma’lum qildi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, avtomobilning to‘liq elektr quvvatida ishlashi mexanik shovqin “deyarli bo‘lmasligini” anglatadi.

O‘tgan oyda Rolls-Royce 2030-yildan boshlab faqat elektromobillar sotish haqidagi va’dasidan voz kechib, ushbu sanadan keyin ham benzin dvigatelli avtomobillarni taklif qilishda davom etishini qo‘shimcha qildi.

Nightingale loyihasining uzunligi 5,76 metrni tashkil etishini ma’lum qildi. Bu o‘lcham to‘rt yoki besh o‘rinli flagman Phantom sedanining uzunligiga deyarli mos keladi.

Shuningdek, bayonotda avtomobilning uzun kapotga ega bo‘lishi va bu unga “torpedasimon ko‘rinish” berishi aytilgan.

Bu dizayn kompaniyaning 1920-yillardagi EX modellari nomi bilan mashhur bo‘lgan tajriba avtomobillaridan hamda art-deko davridan ilhomlangan.

“Dunyoning eng talabchan Rolls-Royce mijozlaridan ayrimlari bizdan eng yirik loyihalarni amalga oshirishni so‘rashdi”, — dedi Rolls-Royce Motor Cars bosh direktori Kris Braunrij.

Kompaniya narxlarni ochiq e’lon qilmaydi, Nightingale esa 500 ming-20 mln funtlik buyurtmalar orasidagi segmentga kirishi aytilmoqda.


Avvalroq Spot Toshkentda Rolls-Royce Cullinan qariyb 5 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yilgani haqida yozgandi.

2022-yilda ishlab chiqarilgan yo‘ltanlamas soliq qarzdorligi uchun savdoga chiqarilgan. Auksion 1-may kuni o‘tkaziladi.