23-iyun kuni kechqurun Germaniyaning Deutsche Bahn temiryo‘l operatori GSM-R raqamli temiryo‘l radioaloqa tizimidagi keng ko‘lamli nosozlik sababli butun mamlakat bo‘ylab poyezdlar harakatini to‘liq to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Ushbu hodisa tufayli shaharlararo va mintaqaviy yo‘nalishlar, shuningdek, Germaniyaning yirik shaharlaridagi S-Bahn shahar elektrichkalari qatnoviga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Kompaniya xabariga ko‘ra, poyezdlar harakati mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida to‘xtatilgan. Poyezdlar stansiyalarda ushlab turildi yoki yo‘lovchilar poyezdni tark etishi mumkin bo‘lgan eng yaqin bekatga yo‘naltirildi.
Shtatdagi radioaloqa bo‘lmagan sharoitda temir yo‘l brigadalari dispetcherlar bilan smartfonlar orqali aloqada bo‘lishga majbur bo‘ldi.
Harakat to‘xtashiga mashinistlar va dispetcherlar o‘rtasidagi aloqa uchun foydalaniladigan, temiryo‘l sohasi uchun ixtisoslashgan GSM-R (Global System for Mobile Communications Railway) aloqa tizimining ishdan chiqishi sabab bo‘ldi.
Ushbu infratuzilma Germaniyada 1990-yillarning boshidan beri ishlab kelmoqda va bir-biriga mos kelmaydigan bir nechta analog tizimlar o‘rnini egallagan.
Radiotarmog‘idagi uzilish temir yo‘l harakatini deyarli falajlab qo‘ydi. Chunki xavfsizlik talablariga ko‘ra, lokomotiv brigadalari va dispetcherlik xizmatlari o‘rtasida doimiy aloqa bo‘lmasa, poyezdlar qatnovi taqiqlanadi. Telefon aloqasi esa maxsus temir yo‘l radiokanalining to‘laqonli o‘rnini bosa olmaydi.
Nafaqat asosiy tizim, balki zaxira tarmog‘i ham ishdan chiqdi. Bunday holat markaziy tarmoq infratuzilmasi, dasturiy ta’minot, ma’lumotlar uzatish kanallari yoki elektr ta’minoti tizimidagi nosozlikdan dalolat berishi mumkin. Deutsche Bahn kompaniyasi nosozlik yuz bergan vaqtda avariyaning rasmiy sababini ma’lum qilmadi.
Deutsche Bahn yo‘lovchi tashish bo‘yicha bosh direktori Evelin Palla Bild nashriga bergan izohida kompaniya xodimlari poyezdlarni eng yaqin stansiyalarga yetkazishga harakat qilayotganini, shunda yo‘lovchilar xavfsiz tushishlari mumkinligini aytdi.
Shuningdek, u fuqarolarga vaziyat aniqlangunga qadar sayohat qilishdan voz kechishni va zarurat tug‘ilganda muqobil transport turlaridan foydalanishni tavsiya qildi.
Biroq, avariya oqibatlarini nisbatan tez bartaraf etishga muvaffaq bo‘lindi. Harakat to‘xtatilganidan taxminan ikki yarim soat o‘tgach, S-Bahn Berlin rasmiy akkaunti tarmoq tiklangani va poyezdlar harakati qayta tiklangani haqida xabar berdi.
Ko‘p o‘tmay, Deutsche Bahn nosozlik bartaraf etilgani va temir yo‘l harakati asta-sekin odatiy holatga qaytayotganini tasdiqladi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar Germaniya temir yo‘llarida ishlash uchun o‘qitilishi haqida yozgandi.
Deutsche Bahn kurslarga 500 nafar mutaxassisni jalb qiladi. Yiliga 30 ming kishi uchun esa Telc imtihon markazlarini ochish rejalashtirilgan.