Yaponiyaning Toyota Motor kompaniyasi joriy moliyaviy yilda (2027-yil martida yakunlanadi) mamlakat tashqarisidagi avtomobil ishlab chiqarishni taxminan 100 ming donaga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Bunga cho‘zilib ketgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi fonida talabning pasayishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Nikkei nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya yirik butlovchi qismlar yetkazib beruvchilarni qayta ko‘rib chiqilgan ishlab chiqarish rejalari haqida xabardor qilgan.
AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlarning o‘tishi to‘xtatilgani sababli yoqilg‘i narxi keskin oshdi, bu esa Xitoy, Yaqin Sharq va dunyoning boshqa mintaqalarida avtomobillarga bo‘lgan talabning pasayishiga olib keldi.
Shu bilan birga, Toyota yilning ikkinchi yarmida Yaponiyadagi zavodlarida avtomobil ishlab chiqarish hajmini may oyida e’lon qilingan dastlabki rejalarga nisbatan 4,2 mingtaga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu, xususan, RAV4 va Land Cruiser 250 yo‘ltanlamaslariga ham taalluqlidir.
May oyidagi prognozga ko‘ra, Toyota 2027-moliya yilida tushumni 0,6% ga — 51 trln iyenagacha ($320 mlrd) oshirishni rejalashtirmoqda.
Biroq sof foydaning 22% ga — 3 trln iyenagacha kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, kompaniya 10 mlnga yaqin avtomobil sotishni (1% lik o‘sish) mo‘ljallagan.
Chorshanba kungi savdolar yakunida Toyota aksiyalari kotirovkalari 0,7%ga pasaydi. Avtomobil ishlab chiqaruvchining kapitallashuvi so‘nggi uch oyda qariyb 20% ga tushgan bo‘lsa, Nikkei 225 fond indeksi taxminan 29% ga o‘sdi.
Avvalroq Spot Tesla Model S va Model X elektromobillarini ishlab chiqarishni rasman to‘xtatgani haqida yozgandi.
Bo‘sh konveyerlar endi Optimus robotlarini yig‘ishga yo‘naltiriladi. Kompaniya premium mashinalardan qariyb 750 ming dona sotgan.