Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Shavkat Mirziyoyev yangi O‘zbekiston qiyofasi yaratiladigan 33 ta tuman va shaharda ko‘p qavatli uy-joylar endilikda energiya tejamkor yondashuv asosida qurilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu uylarni isitish va sovutish xarajatlarini 30% ga kamaytiradi.
“Yurtimizda har yili o‘rtacha 65 ming yakka tartibdagi uy-joylar qurilyapti, yana 200−250 ming xonadon ta’mirlanyapti. Ochiq aytish kerak, hali ko‘pchilik energiya tejamkor materiallarning afzalligi haqida yetarli xabardor emas. Masalan, 200−250 kvadrat metrlik xonadonda qishda gazga o‘rtacha 7−8 mln so‘m, yoz kunlarida elektrga qo‘shimcha 3−4 mln so‘m sarflanyapti”, — dedi prezident.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun yiliga o‘rtacha 350 kVt/soat energiya ishlatiladi. Bu Yevropa davlatlaridagi ko‘rsatkichdan 2−3 baravar yuqori.
Prezidentning ta’kidlashicha, uylarning fasad va tom qismini issiqlikni saqlovchi materiallar bilan qoplash hamda energiya tejamkor oynalar o‘rnatish energiya sarfini kamida 30% ga kamaytiradi.
“Odamlarga energiya tejamkor material ishlatib, elektr va gaz sarfini kamaytirishni sodda tilda tushuntirsak, o‘zgarish bo‘ladimi yo‘qmi? Albatta bo‘ladi. Nega buni aytyapman? Xonadonlarni isitishning o‘ziga iqtisodiyotdagi jami gaz iste’molining 20%, elektr energiyasining esa 11% sarflanyapti”, — dedi Mirziyoyev.
Hozirda Fransiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishlab chiqqan yangicha loyihalashtirish yondashuvi asosida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida 4 ming xonadonli Yangi O‘zbekiston massivi qurilmoqda. Loyiha mahalliy energiya tejamkor materiallardan foydalanish hisobiga qurilish tannarxini 20% ga arzonlashtirgan, isitish va sovutish xarajatlarini esa 30% ga kamaytirgan.
Shu bois, prezident mas’ullarga bir oy ichida Qamashi tajribasini barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘rgatish, bu yil yangi O‘zbekiston qiyofasi yaratiladigan 33 ta hududdagi ko‘p qavatli uy-joylarni faqat shu tamoyil asosida loyihalashtirish va qurishni tashkil etish topshirig‘ini berdi.
Avvalroq Spot Farg‘onada tadbirkorni asossiz elektrdan uzib qo‘ygan mansabdor jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.