Hudud aholisining 80%i roziligi uylarni buzish uchun emas, balki shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritish uchun zarur. Bu haqda UzReport TV‘ning YouTube kanalidagi Huquqiy nigoh podkastida so‘z bordi.
Boshlovchi Sevara O‘rinboyeva jamoatchilik orasida muayyan hududda yashovchi fuqarolarning 80%i roziligi bilan uy-joylar buzilishi mumkinligi haqidagi fikr qanchalik to‘g‘ri ekanligi bilan qiziqdi.
Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayev ning tushuntirishicha, vazirlik aholi o‘rtasida aynan shu masala yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
“80% rozilik — bu uy-joyni buzish uchun emas, hududni renovatsiya dasturiga kiritish uchun […] Bu odamlarning roziligi — tashabbusning o‘zi”, — deya izohladi u.
Mirzayevning qo‘shimcha qilishicha, tashabbus bildirilgach, dastur Xalq deputatlari kengashi va respublika komissiyasidan o‘tkaziladi, ma‘lumotlar esa barcha manfaatdor ishtirokchilarga yetkaziladi.
So‘ngra hudud qonunda belgilangan bir qator mezonlar bo‘yicha baholanadi: uning bosh rejaga mosligi (renovatsiya hududiga kiritilgani), binolarning ma‘nan eskirgani, kommunal infratuzilmaning holati va aholi sonining o‘sish sur‘ati. Faqat barcha talablarga javob bergan taqdirdagina hudud renovatsiya dasturiga kiritiladi, mos kelmasa, kiritilmasligi ham mumkin.
Dasturga kiritilgach, hokimlik va mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlar hamda investorlar bilan birgalikda har bir fuqaro bilan alohida muzokaralar olib boradi va yakunda notarial tasdiqlangan shartnoma imzolanadi.
“Agarda kompensatsiya to‘lovining bir so‘m puli ham qolib ketadigan bo‘lsa, uy-joy buzishga ruxsat berilmaydi”, — dedi Adliya vazirligi vakili.
Yaqinda prezident shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat renovatsiya loyihalarining butun bosqichini — dastlabki tashabbusdan tortib, aholiga kompensatsiya to‘lash va yangi obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonni tartibga soladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 9-sentabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma‘qullangan bo‘lib, rasman e‘lon qilinganidan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, Toshkentning uchta tumanida uy-joy renovatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga kirishilgani haqida yozgandi.