Shaharsozlik renovatsiyasi loyihalari doirasida uy-joy qiymati bo‘yicha nizolar sud tartibida hal qilinadi. Bu haqda UzReport TV‘ning YouTube‘dagi Huquqiy nigoh podkastida so‘z yuritildi.

Boshlovchi Sevara O‘rinboyeva shaharsozlik renovatsiyasi doirasida mulkdor o‘z uy-joyi bahosiga rozi bo‘lmasa nima bo‘lishini — loyiha to‘xtatib qo‘yiladimi yoki uning irodasiga zid ravishda amalga oshiriladimi, deb savol berdi.

Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayev fuqaroning mulk huquqi daxlsiz ekani va Konstitutsiya darajasida himoyalanganini tushuntirdi. Shu bilan birga, u masalaning boshqa tomoniga ham e‘tibor qaratdi.

“Lekin bir fuqaroning munosabat, eʼtirozi asosida hududni rivojlantirishni to‘xtatish, bu ham mantiqan noto‘g‘ri narsa. Lekin biz bu narsani fuqaroni majburlash orqali amalga oshirmasligimiz kerak”, — dedi Adliya vazirligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu sababli fuqaro hamda quruvchi tashkilot yoki davlat organlari o‘rtasidagi nizolar “davlat tashkilotlaridan xoli bo‘lgan, qonunlar asosida qaror qabul qiladigan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini birinchi darajaga qo‘yadigan” sudga oshiriladi. Nizolarni ko‘rib chiqish tartibi quyidagicha: sudya har ikki tarafni tinglaydi, qo‘shimcha materiallarni so‘rab oladi va zarurat tug‘ilganda davlat organlari xodimlarini ekspert sifatida jalb qiladi. Jumladan, agar u uy-joy bahosini past deb hisoblasa, yuqoriroq narx belgilashga ham haqli, deya qo‘shimcha qildi Mirzayev.

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi matbuot kotibi Nurali Oripov hamkasbining fikrini aniq bir misol bilan to‘ldirdi: agar taraflar mol-mulkni baholashda kelisha olmasa, sud mustaqil baholovchilarning xulosalari asosida uning real qiymatini belgilaydi.

“Sud qonundan, mustaqil baholovchilarning baholaridan kelib chiqib, real holatni to‘g‘ri baholab, yagona yechimga keladi”, — deya xulosa qildi u.

Yaqinda prezident shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat renovatsiya loyihalarining butun bosqichini — dastlabki tashabbusdan tortib, aholiga kompensatsiya to‘lash va yangi obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonni tartibga soladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 9-sentabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma‘qullangan bo‘lib, rasman e‘lon qilinganidan olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

Spot, avvalroq, Toshkentning uchta tumanida uy-joy renovatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga kirishilgani haqida yozgandi.