Avvalroq Spot Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhiga tayanib O‘zbekistonda vakansiyalar soni qariyb 10% ga oshgani haqida yozgandi.
Taʼkidlanishicha, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ga oshib, $3,8 mlrdga yetdi.
Pul o‘tkazmalari tarkibida mamlakatlar kesimidagi diversifikatsiya jarayoni davom etmoqda. Biroq ushbu jarayonning sur‘ati va davomiyligi tashqi mehnat bozorlari hamda asosiy hamkor davlatlardagi makroiqtisodiy vaziyatga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Xususan, Rossiyadan kelgan pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 77,6% dan 72,4% gacha kamaygan.
Regulyatorga ko‘ra, bu holat yil boshidan patent to‘lovlarining oshirilishi, mart oyida rublning qadrsizlanishi hamda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, boshqa davlatlardan yuborilgan pul o‘tkazmalari ulushi oshishda davom etgan. Jumladan, Qozog‘istonning ulushi 4,1% ga, Yevropa davlatlariniki 3,3% ga, Janubiy Koreyaniki esa 4,1% ga yetgan. Boshqa davlatlar hissasi esa 16,2% ni tashkil etgan.
Tahlilda qayd etilishicha, yilning birinchi choragida aholi mobilligi ham o‘sishda davom etgan. Xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6% ga oshgan.
Havo transportida tashilgan yo‘lovchilar soni esa 2,25 mln nafarga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan 32% ko‘paygan.
Shuningdek, Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,34 mln nafarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 8,8% ga yuqori bo‘lsa-da, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8% ga kamaygan.
Xususan, Turkiyada ishlash uchun berilgan ruxsatnomalar soni qariyb 70 mingtaga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14% ga oshgan. Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa birinchi chorak yakuniga ko‘ra 99,6 ming nafarga yetgan.
Spot, avvalroq, Markaziy bank “maosh qulligi"ni bekor qiluvchi tizimni ishlab chiqqani haqida yozgandi.