Yevrokomissiya 1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqiga boshqa mamlakatlardan import qilinadigan arzon tovarlar uchun 3 yevro miqdorida yig‘im joriy etdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

Yangi tartib, avvalo, marketpleyslar orqali olib kiriladigan o‘yinchoq, kiyim-kechak va elektronika kabi arzon iste’mol tovarlariga taalluqli.

Yevrokomissiya fikricha, 150 yevrogacha bo‘lgan tovarlarning bojdan ozod etilgani YI tashqarisidagi yetkazib beruvchilarga ustunlik berib kelgan.

To‘lov tovarlar sonidan qat’i nazar, tarif tasnifidan kelib chiqqan holda undiriladi. Masalan, beshta futbolka solingan paketni olib kirish 3 yevroga, uchta futbolka va soatni olib kirish esa 6 yevroga tushadi.

Tovarlarni deklaratsiyalash va bojxonada yig‘im to‘lash uchun sotuvchi yoki import qiluvchi javobgar hisoblanadi.

Hozirda yetkazib beruvchilar ko‘pincha bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida deklaratsiyalarda tovarning noto‘g‘ri toifasini yoki pasaytirilgan qiymatni ko‘rsatadilar, deyiladi e’londa.

Bundan tashqari, jo‘natmalardagi ko‘plab mahsulotlar Yevropa xavfsizlik standartlariga javob bermaydi.

Yevrokomissiyada ma’lum qilishlaricha, yig‘imning joriy etilishi Yevropa Ittifoqi ishlab chiqaruvchilari uchun “yanada halol raqobatni” ta’minlash hamda iste’molchilarni xavfli mahsulotlardan himoyalashni kuchaytirishga qaratilgan.

Shuningdek, u bojxona firibgarligiga qarshi kurashish va ommaviy yetkazib berish bilan bog‘liq ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan.

Reuters’ga ko‘ra, yangi chora, avvalo, AliExpress, Shein va Temu kabi Xitoy marketpleyslariga qaratilgan. 2025-yilda Yevropa Ittifoqiga ushbu platformalardan 5,8 mlrd dona posilka olib kirilgan — bu uch yil avvalgiga nisbatan 4 baravardan ko‘p.

Cirrus Global Advisors kompaniyasining elektron tijorat bo‘yicha maslahatchisi Derek Lossingning so‘zlariga ko‘ra, yaqin haftalarda Yevropa Ittifoqiga marketpleyslardan tovarlarni havo orqali yetkazib berish 10% dan 35% gacha qisqarishi mumkin.

To‘lov 2028-yil iyuligacha undiriladi, shundan so‘ng u turli toifalar uchun alohida bojlar bilan almashtiriladi. Bu vaqtga kelib umumevropa bojxona tizimi ishga tushirilishi kutilmoqda.

Bungacha may oyi oxirida Yevropa Ittifoqi Temu’ni xavfli mahsulotlar sotgani uchun 200 mln yevro jarimaga tortgandi.

Jarimadan tashqari, marketpleys uch oy ichida xavflarni baholashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini taqdim etishi belgilandi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda marketpleyslarning sotuvchilar bilan shartnomalari tekshirilishi haqida yozgandi.