O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-iyun oylarida tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan o‘tkazilgan tekshiruvlar soni qator nazorat organlarida kamaydi. Bu haqda Biznes-ombudsman ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, devon tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, tadbirkorlar eng ko‘p duch keladigan asosiy nazorat organlarida tekshiruvlar soni ketma-ket bir necha oy davomida izchil kamayib bormoqda.
Soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar soni o‘tgan yilning mos davridagi 59 725 tadan 51 089 tagacha kamayib, 8 636 taga qisqargan.
Shuningdek, O‘zagroinspeksiyada tekshiruvlar soni 437 taga, Qurilish va kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida 365 taga, Adliya vazirligida esa 305 taga kamaygan.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasida esa tekshiruvlar soni qariyb 4,4 barobarga qisqarib, 64 tani tashkil etgan.
Shu bilan birga, xavfsizlik va aholi salomatligini ta‘minlash maqsadida ayrim yo‘nalishlarda nazorat tadbirlari faollashgani kuzatilmoqda.
Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida tekshiruvlar soni ketma-ket ikki-uch oy davomida o‘sib bormoqda.

Hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona hamda Xorazm viloyatlarida tekshiruvlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan.
Biznes-ombudsman devonining ta‘kidlashicha, mazkur ko‘rsatkichlar tadbirkorlarga asossiz bosim o‘tkazishga xizmat qilmasligi lozim. Shu bois ushbu idoralar tomonidan o‘tkazilgan har bir tekshiruvning asosliligi va qonuniyligi qat‘iy nazoratga olinadi hamda tadbirkorlarning qonuniy huquqlari ta‘minlanadi.
Spot, avvalroq, Qashqadaryoda tadbirkor foydasiga 1,5 mlrd so‘m undirish haqidagi sud qarori kuchida qoldirilgani haqida yozgandi.