01

Nima bo‘ldi?

O‘zbekistonga olib kirilayotgan mobil telefonlarni bojxonada rasmiylashtirish va UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi.

Endilikda yo‘lovchilar bojsiz me‘yor doirasida olib kirayotgan yangi telefonni aeroportning o‘zida deklaratsiya qilib, uni UzIMEI tizimida avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, bu ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ketadigan navbat kutish vaqtini 85−90% ga qisqartiradi, jarayonning o‘zi esa 1,5−2 daqiqa vaqtni oladi.

Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bosh inspektori Shahobiddin Normamatov Spot’ga ushbu tartib qanday ishlashi, qancha telefonni bojsiz olib kirish mumkinligi va UzIMEI’da ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini bosqichma-bosqich tushuntirdi.

02

IMEI nima va u nega kerak?

IMEI (International Mobile Equipment Identity) — bu ishlab chiqarish jarayonida har bir mobil qurilmaga biriktiriladigan noyob 15 xonali identifikatsiya raqami. Har bir telefonning IMEI raqami o‘ziga xos bo‘ladi.

IMEI orqali mobil operatorlar qurilmani tarmoqda aniqlaydi, davlat esa telefonning mamlakatga qonuniy olib kirilganini nazorat qiladi.

03

Deklaratsiya — bu UzIMEI ro‘yxatidan o‘tkazishmi?

Yo‘q. Bu ikki xil jarayon.

Bojxona deklaratsiyasi telefonning O‘zbekistonga qonuniy olib kirilganini tasdiqlaydi.

UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish esa telefonning mahalliy mobil aloqa tarmoqlarida ishlashi uchun zarur bo‘lgan alohida texnik jarayondir.

Agar qurilmaning IMEI-kodi UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, telefon mahalliy mobil operatorlar tarmog‘idan uziladi, biroq darhol emas, balki ulanganidan 30 kun o‘tgach.

04

Bu hammaga taalluqlimi?

Bu tartib faqat O‘zbekistonga yangi telefon yoki avval UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilma bilan kirib kelayotgan yo‘lovchilarga taalluqli.

Agar yo‘lovchi telefondan allaqachon O‘zbekistonda foydalanayotgan yoki uni mamlakat ichida xarid qilgan bo‘lsa, bu tartib unga tatbiq etilmaydi.

Bunday qurilmalar UzIMEI tizimida avvaldan ro‘yxatdan o‘tgan hisoblanadi.

05

Faqat aeroportning o‘zida ro‘yxatdan o‘tish shartmi?

Yo‘q. Telefonni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish (deklaratsiya qilish) barcha yo‘lovchilar uchun majburiy va bu jarayon mamlakatga kirishda, aeroportning o‘zida amalga oshiriladi.

Ammo UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishni yo‘lovchi istalgan joyda va istalgan vaqtda bajarishi mumkin:

  • aeroportning o‘zida — bojxona rasmiylashtiruvidan so‘ng;
  • yoki onlayn — UzIMEI tizimining onlayn xizmati orqali.

Bunda qayerda ro‘yxatdan o‘tkazishning farqi yo‘q — tanlov yo‘lovchining o‘ziga bog‘liq.

06

Deklaratsiya qanday to‘ldiriladi?

Yo‘lovchi O‘zbekistonga uchib kelgandan so‘ng belgilangan tartibda pasport nazoratidan o‘tadi va bagajini qabul qilib oladi.

Agar u yangi yoki avval UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan telefon olib kirayotgan bo‘lsa, u qurilmani bojxona nazorati hududida deklaratsiya qilishi kerak.

Buni quyidagilar orqali rasmiylashtirish mumkin:

Deklaratsiyada yo‘lovchining pasport ma’lumotlari hamda mobil qurilmaning IMEI-kodlari kiritiladi. Yo‘lovchi Face ID orqali tasdiqlanadi.

Jarayonni o‘rtacha 2−5 daqiqada yakunlash mumkin.

Agar telefon bojsiz olib kirish me’yori doirasida bo‘lsa, deklaratsiya avtomatik tarzda, inson omilisiz rasmiylashtiriladi. Qurilma soni yoki qiymati belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan taqdirda esa, belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari hisoblanadi.

07

Kiosk va ilova — farqi nimada?

Huquqiy jihatdan ikkala usul ham bir xil kuchga ega. Ularning har ikkisi ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini elektron shaklda rasmiylashtirishni ta’minlaydi.

Farq faqat foydalanish qulayligida:

  • Yo‘lovchi deklaratsiyasi ilovasi orqali deklaratsiyani aeroport hududida, jumladan bagajni kutayotgan paytda ham to‘ldirish mumkin;
  • axborot kioski esa smartfoni yoki interneti bo‘lmagan, tizimdan birinchi marta foydalanayotgan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan.

Bunda kiosk orqali ham ma’lumotlar elektron shaklda kiritiladi va bojxona axborot tizimida qayd etiladi.

Muhimi, rasmiylashtirish usuli bojxona to‘lovi miqdoriga ta’sir qilmaydi: bir xil me’yor va bir xil hisob-kitob qo‘llaniladi.

Yo‘lovchi deklaratsiyasi ilovasini Google Play yoki App Store orqali yuklab olish mumkin. Shuningdek, uni o‘rnatmasdan turib ybdweb.customs.uz veb-versiyasi orqali ham ishlatish mumkin.

08

Bojsiz qancha telefonga ruxsat bor?

Havo transporti orqali kelayotgan jismoniy shaxs:

  • har safar 2 tagacha mobil telefon yoki mobil aloqa moduliga ega qurilmani olib kirishi mumkin;
  • ularning umumiy qiymati shaxsiy ehtiyoj uchun belgilangan bojsiz olib kirish me’yori doirasida — $1000 miqdorida bo‘lishi kerak.

Biroq quyidagi holatlarda ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi:

  • xorijda 3 kundan kam bo‘lingan bo‘lsa;
  • yoki bir oy ichida 3 va undan ortiq marta chet elga chiqib kelingan bo‘lsa.

Bunday holatda qurilmaga bojsiz me’yordan ortiq tovarlar sifatida qaraladi va telefonning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

09

Ikkitadan ko‘p telefon bo‘lsa-chi?

Agar yo‘lovchi 2 tadan ortiq telefon olib kirayotgan bo‘lsa, qurilmalar soni, takroriy olib kirilishi yoki boshqa belgilari ularning shaxsiy foydalanish uchun emasligini ko‘rsatsa, bojxona organi holatni alohida baholaydi.

Barcha jarayonlar aeroportning o‘zida — bojxona postida hal etiladi. Agar telefonlar soni yoki qiymati belgilangan me’yordan oshsa, me’yordan ortiq qismiga nisbatan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Yo‘lovchiga to‘lov miqdori tushuntiriladi va belgilangan tartibda bojxona kirim orderi orqali rasmiylashtirish amalga oshiriladi.

Agar qurilmalar tijorat maqsadida olib kirilayotgani aniqlansa yoki qo‘shimcha o‘rganish talab etilsa, ularga nisbatan umumiy bojxona rasmiylashtiruvi tartibi qo‘llaniladi.

Bunday holatda yo‘lovchi barcha qurilmalarni yashirmasdan deklaratsiyada ko‘rsatishi, xarid cheklari yoki qurilma qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, ularni taqdim etishi lozim.

10

Telefon yoki internet ishlamasa nima qilish kerak?

Bunday holatda ham telefonni rasmiylashtirish mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi qog‘oz shaklda yoki elektron shaklda to‘ldirilishi mumkin.

Qog‘oz shaklda to‘ldirilgan deklaratsiyaning bir nusxasi bojxona organida qoladi, ikkinchi nusxasi esa deklaratsiyani to‘ldirgan shaxsga beriladi.

Elektron shaklda to‘ldirilgan deklaratsiya ham zarur hollarda chop etib berilishi mumkin.

Agar yo‘lovchi tizimdan foydalana olmasa, bojxona xodimlariga murojaat qilishi mumkin.

11

UzIMEI ro‘yxatidan o‘tkazish narxi qancha?

UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi bojxona to‘lovidan alohida undiriladi. Uni Payme, Click, Paynet, bank xizmatlari yoki UzIMEI tizimi orqali amalga oshirish mumkin.

Yig‘im miqdori ro‘yxatdan o‘tkazish muddati va ariza beruvchining maqomiga qarab quyidagicha belgilanadi:

  • jismoniy shaxslar uchun telefon tarmoqqa ulanganidan keyingi dastlabki 30 kun ichida — BHMning 20%i (88 ming so‘m);
  • 30 kundan keyin — BHMning 25%i (110 ming so‘m);
  • import qiluvchilar uchun — har bir qurilma uchun BHMning 20%i (88 ming so‘m);
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun — BHMning 10%i (44 ming so‘m);
  • xorijiy SIM-kartadan foydalanuvchi norezidentlar uchun — 0 so‘m.

12

Telefon ikki SIM-slotli bo‘lsa, IMEI qanday ko‘rsatiladi?

Agar telefon ikki SIM-slot (yoki SIM va eSIM) ni qo‘llab-quvvatlasa, unda ikkita alohida IMEI-kod bo‘ladi. Bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishda ikkala IMEI-kodni ham kiritish kerak.

IMEI-kodlarni tekshirish uchun telefonda *#06# ni terish kifoya. Ekranda ketma-ket ikkita IMEI raqami chiqadi — deklaratsiyada ularning ikkalasini ham ko‘rsatish lozim.

Agar faqat bitta IMEI ro‘yxatdan o‘tkazilsa, ikkinchi slotdagi IMEI ro‘yxatdan o‘tmay qoladi. Natijada ma’lum vaqtdan keyin o‘sha slotdagi SIM-karta mahalliy mobil tarmoqqa ulanmaydi, garchi telefonning o‘zi va birinchi slot normal ishlashda davom etsa ham.

Shuningdek, ikki slotdagi IMEI-kodlar mobil tarmoqlarda to‘g‘ri qayd etilishi uchun SIM-kartani navbat bilan har ikkala slotga ham o‘rnatib ko‘rish tavsiya etiladi. Bu ikkala IMEI-kodning ham qurilmaga to‘g‘ri biriktirilishiga yordam beradi.

13

Face ID yoki IMEI aniqlanmasa nima qilish kerak?

Agar Face ID ishlamasa yoki IMEI-kodni o‘qishda texnik nosozlik yuzaga kelsa, yo‘lovchi qog‘oz shaklidagi deklaratsiyani to‘ldirib, bojxona xodimlariga topshirishi mumkin.

14

Tizim faqat aeroportda bormi?

Ha.

Bojxona qo‘mitasi tizimni yo‘lovchi harakati mavjud bo‘lgan boshqa chegara bojxona postlarida ham bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirgan. Bu amaliyotning samaradorligi, texnik infratuzilma imkoniyatlari va yo‘lovchilar oqimiga bog‘liq.

Axborot kiosklari hamda elektron deklaratsiya tizimlari quruqlikdagi chegara punktlari, temiryo‘l chegara postlari hamda yo‘lovchilar harakati mavjud boshqa bojxona punktlarida ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

15

Savollar bo‘lsa, kimga murojaat qilish mumkin?

Agar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish, qurilmaning ro‘yxatdan o‘tganini tekshirish yoki to‘lov bilan bog‘liq savollar bo‘lsa, 1170 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish yoki uzimei.uz sayti orqali ma’lumot olish imkoni mavjud.

Bojxona qoidalari, bojsiz olib kirish me’yorlari, deklaratsiya rasmiylashtirish yoki bojxona to‘lovlari bo‘yicha savollar yuzaga kelsa, aeroportdagi bojxona postining navbatchi inspektorlariga murojaat qilish yoki customs.uz sayti orqali ma’lumot olish mumkin.