Andijon viloyatida 38,3 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilinganligi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Fuqaro Y.Q. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 5 ta korxonaga boshqa korxonalar tomonidan 2,2 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida sohta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan.
Ular savdodan tushgan pullarni nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilgan hamda fuqarolarga sotganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.
So‘ng 94 921 nafar fuqaro va ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga Soliq ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab bergan.
Natijada 38,3 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zlashtirilayotgan keshbeklar
Iyun oyida Andijon viloyatida bir guruh shaxslar Soliq mobil ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda keshbek sifatida o‘zlashtirgani fosh etilgandi. Shuningdek, Farg‘onada ham 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS sxemasi aniqlangandi.
Iyul oyi boshida esa Navoiyda ham soxta keshbek sxemasi orqali 34,8 mlrd so‘m talon-toroj qilindi. 13 ta korxona mas‘ullari 4,5 trln so‘mlik soxta EHFlarning rasmiylashtirib, 105 mingdan ortiq fuqaro nomiga noqonuniy keshbek hisoblatgan.
Spot, avvalroq, 1-iyuldan soliq portalidagi ayrim xizmatlar vaqtincha ishlamasligi haqida yozgandi.