Air China aviakompaniyasi Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Air China aviakompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Jumladan, Pekin-Toshkent-Pekin yo‘nalishidagi muntazam aviaqatnovlar sonini haftasiga uch marotabadan yetti marotabagacha oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Air China aviakompaniyasining O‘zbekistondagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi.

Uzbekistan Airports vakillari mamlakat xalqaro aeroportlarining infratuzilmaviy imkoniyatlarini, shu jumladan, xalqaro aviaqatnovlarga xizmat ko‘rsatish salohiyatiga ega hududiy aeroportlarni taqdim etdi.

Xitoy tomoni uchun Farg‘ona vodiysi aeroportlari qiziqish uyg‘otdi.

Air China vakillari mazkur hudud bilan aviaaloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini o‘rganishga qiziqish bildirar ekan, uning turizm, biznes va gumanitar aloqalarni rivojlantirishdagi katta salohiyatini qayd etdi.

O‘tgan yilning iyulida Air China Pekindan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ygandi.

Air China — Xitoyning eng yirik va asosiy aviatashuvchisi. Star Alliance aʼzosi hisoblanadigan kompaniya 1988-yilda tashkil etilgan va Pekin aeroportida joylashgan.


Spot, avvalroq, Royal Jordanian 30-iyundan Amman-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.