Samsung 22-iyul kuni Galaxy Unpacked taqdimotini o‘tkazadi, deya xabar berdi Bloomberg.

Qayd etilishicha, taqdimotda yangi avlod buklanadigan smartfonlar va “aqlli” soatlar taqdim etiladi.

Nashrning Samsung tomonidan yuborilgan taklifnomaga tayanib yozishicha, tadbir Londonda bo‘lib o‘tadi.

Kompaniya bir nechta qurilmalarni, jumladan, uchta buklama telefon — ikki xil form-faktordagi Galaxy Z Fold 8 hamda Galaxy Z Flip 8, shuningdek, taqiladigan gadjetlar, “aqlli” soatlar va simsiz quloqchinlarni taqdim etadi.

Samsung 2026-yil oxirigacha o‘zining birinchi buklanadigan smartfonini taqdim etishni rejalashtirayotgan Apple kompaniyasidan oldinroq taqdimot o‘tkazishga intilmoqda, deb ta’kidlaydi agentlik.

Bloomberg Apple joriy yil oxirigacha yangi Mac’lar, kuchli protsessorli Apple Intelligence’ni qo‘llaydigan iPad, aqlli uy xabi va OLED ekranli iPad mini’ni taqdim etishi kutilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Apple yaqin bir yilda kamida beshta yangi iPhone taqdim etmoqchi ekanligi xabar berilgandi.

Yangi modellarni 2026-yilning ikkinchi yarmi va 2027-yilning birinchi yarmida taqdim etish rejalashtirilgan.