2026/2027-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston OTMlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirning tegishli buyrug‘iga ko‘ra, eng yuqori o‘tish balli Huquq yo‘nalishi uchun belgilandi — 165 ball. Siyosatshunoslik, Xalqaro munosabatlar hamda Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishlari uchun 140 ball talab etiladi.
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari uchun o‘tish bali 132 ballni tashkil etadi. San’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun 105 ball, transport xizmatlari uchun 104 ball etib belgilangan.
Shuningdek, ta’lim, gumanitar fanlar, tillar, matematika va statistika, AKT hamda ijtimoiy ta’minot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tish bali 94 ballni, biologik fanlar, fizika va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari uchun 80 ballni tashkil etadi.
Muhandislik, ishlab chiqarish va arxitektura yo‘nalishlariga o‘tish uchun kamida 75 ball, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi hamda mehnat muhofazasi yo‘nalishlari uchun 70 ball, veterinariya yo‘nalishi uchun esa 60 ball to‘plash talab etiladi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tish ballari bilan havola orqali tanishish mumkin.
Vazirlik xorijiy OTMlardan respublika davlat oliy ta’lim muassasalarining mos yoki turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmasligini ham eslatdi.
Iyun oyida xorijiy va xususiy OTMlaridan o‘qishni ko‘chirish tartibi tasdiqlangan edi. Endi xorijiy til va fanlar bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikatlar ham davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirishda hisobga olinadi.
Avvalroq Spot magistraturaga qabul boshlangani haqida xabar bergan edi. Talabgorlar hujjatlarni 30-iyulgacha my.edu.uz platformasi orqali topshirishi mumkin.