Avvalroq prezident xalqaro taʼlim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim o‘rtasidagi uzviylikni taʼminlaydigan 2+3, 1+2, 2+1, 1+3, 2+2, 3+1 kabi taʼlim modellari ko‘rib chiqildi.
Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil taʼlim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Texnikum bitiruvchilari esa taʼlimni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, sanʼat va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan 1+3 va 2+2 shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027-yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita taʼlim dasturlari markazini tashkil etadi.
El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endilikda dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan taʼlim yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki Foundation dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga taʼlimni mamlakatda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.


Taqdimotda yetakchi xorijiy oliygohlar joylashadigan Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish taklifi muhokama qilindi.
Bunda Qatardagi Education City, Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro akademik shahri va Koreya Respublikasidagi Inchxon global kampusi tajribasidan foydalanish taklif qilindi.
Universitetlar shaharchasida nufuzli xorijiy oliygohlar filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turar joylarini barpo etish, litsenziya talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash, shuningdek, royalti to‘lovlarining bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Asosiy maqsad O‘zbekistonni xalqaro taʼlim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi taʼlim markaziga aylantirish ekani taʼkidlandi.
Prezident takliflarni maʼqullab, integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ularning sifatini xalqaro talablarga muvofiq taʼminlash, nufuzli xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, doktorantlar uchun stipendiya oshirilishi, ilmiy rahbarlar esa natijaga qarab rag‘batlantirilishi haqida yozgandi.

