Apple korporatsiyasi OpenAI kompaniyasini tijorat sirlarini o‘g‘irlashda ayblab, sudga da’vo arizasi kiritdi, deya xabar bermoqda The New York Times nashri.

2026-yil 10-iyul kuni Apple AQShning Kaliforniya shtati federal sudiga OpenAI, uning apparat bo‘limi rahbari Tang Tan hamda sobiq Apple xodimi Chang Liuga qarshi da’vo arizasi kiritdi.

Apple’ning ta’kidlashicha, ular kompaniyaning tijorat siri hisoblangan maxfiy texnik ma’lumotlarni noqonuniy qo‘lga kiritgan va ulardan OpenAI ishlab chiqayotgan sun’iy intellekt qurilmalari loyihasida foydalanishga uringan.

Da’voga ko‘ra, Chang Liu Apple’dan ketganidan keyin ham kompaniya tizimlariga kirib, maxfiy hujjatlarni yuklab olgan.

Tang Tan esa Apple’dagi faoliyati davomida yetkazib beruvchilar, ishlab chiqarish jarayonlari va yangi qurilmalarga oid maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan.

Apple uning OpenAI’ga o‘tgach, bu bilimlardan raqobatdosh mahsulot yaratishda foydalanganini iddao qilmoqda.

Shuningdek, Apple OpenAI sobiq Apple xodimlarini ishga olish jarayonida ularni maxfiy ma’lumotlar va hatto prototiplarni olib kelishga undaganini, ayrim hollarda esa Apple’ning xavfsizlik tartiblarini chetlab o‘tish bo‘yicha tavsiyalar berganini ham da’vo qilmoqda.

Bundan tashqari, OpenAI Apple’ning ayrim yetkazib beruvchilari bilan aloqalarda o‘zini boshqa maqsadda tanishtirib, ishlab chiqarish texnologiyalariga oid ma’lumotlarni olganini ham ilgari surgan.

OpenAI esa ayblovlarni rad etdi. Kompaniya Apple’ning tijorat sirlarini o‘g‘irlashdan manfaatdor emasligini, o‘z apparat mahsulotlarini mustaqil ishlab chiqayotganini va sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilishini bildirdi.

Bu ish Apple va OpenAI o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashganini ko‘rsatmoqda. 2024-yilda Apple ChatGPT’ni o‘z qurilmalariga integratsiya qilish bo‘yicha OpenAI bilan hamkorlik qilgan edi.

Biroq OpenAI sobiq Apple dizayneri Jony Ive asos solgan io Products kompaniyasini sotib olib, yangi AI qurilmalari ustida ishlay boshlagach, ikki kompaniya bevosita raqobatchiga aylandi.


Avvalroq Spot Meta’ga bolalarning jtimoiy tarmoqqa qaramligi uchun $1,4 trln jarima tahdid solayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, prokurorlar talab qilayotgan jarima miqdori kompaniyaning bozor qiymatiga deyarli teng hisoblanadi.