Samarqand shahrida bankka bosqinchilik qilishga uringan shaxs Qo‘riqlash departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 13-iyul kuni soat 17:00 atrofida Samarqand viloyati Qo‘riqlash boshqaruvining markaziy kuzatuv pultiga Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan bank filiallaridan biridan xavotir signali kelib tushgan.

Voqea joyiga uch daqiqa ichida yetib borgan tezkor harakatlanuvchi guruh bank ichida qishki kiyimda, yuzini niqob bilan yopgan va qora sumka ko‘targan shaxsni aniqlagan.

U o‘zida portlovchi modda borligini da‘vo qilib, bank oynalarini sindirgan hamda kassadagi pullarni berishni talab qilgan.

Shundan so‘ng voqea joyiga qo‘shimcha qo‘riqlash ekipajlari, ichki ishlar organlari xodimlari va tez tibbiy yordam brigadalari jalb etilgan. Dastlab gumonlanuvchi bilan muzokaralar olib borilgan.

Muzokaralardan so‘ng u o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lib, ichki ishlar organlari xodimlariga topshirilgan. Hodisa vaqtida bank xodimlari va mijozlarga zarar yetmagan.

Qo‘riqlash departamenti ma‘lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi pullarni tez va oson qo‘lga kiritish maqsadida ushbu jinoyatni sodir etishga uringan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi ikkita noqonuniy Call-markaz faoliyatiga chek qo‘yilgani haqida yozgandi.