Qonunchilik palatasi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda noqonuniy ishlashi uchun javobgarlik belgilovchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda so‘zga chiqqan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Zufar Kurbanov so‘nggi yillarda viza va ro‘yxatdan o‘tish tartibining soddalashtirilishi, shuningdek, turizmni rivojlantirishga qaratilgan imtiyozlar natijasida kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni ortayotganini qayd etdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonda ishlashi uchun mamlakatga kelishdan avval mehnat yoki xizmat vizasini olishi, mamlakatga kirgach esa mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma rasmiylashtirishi kerak. Biroq ushbu talablarni buzgan shaxslarga nisbatan ta’sir choralari belgilanmagani mehnat bozorini tartibga solish imkoniyatini cheklayotgani qayd etildi.
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga O‘zbekistonda ishlab daromad olib, soliqlar to‘layotgan 36 146 nafar xorijiy fuqaro mavjud. Ularning 9 514 nafari mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomaga ega bo‘lsa, qolgan 26 632 nafari bunday tasdiqnomasiz ishlamoqda.
Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 49⁵-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, chet el fuqarolari yoki boshqa davlat hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomasiz, uning amal qilish muddati tugaganidan keyin yoki tasdiqnomada ko‘rsatilmagan faoliyat bilan shug‘ullansa, ularga BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanadi.
Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa yoki belgilangan jarima to‘lanmasa, shaxs O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi hamda uning mamlakatga qayta kirish huquqi uch yil muddatga cheklanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, mazkur huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish vakolati Davlat mehnat inspeksiyasi va ichki ishlar organlariga, takror sodir etilgan holatlar bo‘yicha esa jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga beriladi.
Kurbanov qonun loyihasi Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya va Ozarbayjon tajribasi o‘rganilgan holda ishlab chiqilganini, ushbu davlatlarning barchasida bunday qoidabuzarliklar uchun javobgarlik nazarda tutilganini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Davlat mehnat inspeksiyasi issiqda tashqi ishlarni soat