Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Buyuk Britaniyaning muhandislik va konsalting kompaniyasi Arup vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda Toshkent viloyatining iqtisodiy, sanoat va turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Chinoz tumanida, jumladan Sirdaryo bo‘yida zamonaviy turistik majmualarni barpo etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Arup bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida yirik inshootlar, sanoat korxonalari, turistik zonalar va energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni batafsil ko‘rib chiqish hamda muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.



Arup bunga qadar O‘zbekistonda Samarqand turizm markazi, jumladan Kongress-holl va sakkizta mehmonxona, Tashkent Citydagi Kongress-holl va Hilton mehmonxonasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda qator transport va energetika infratuzilmasi loyihalarida muhandislik va loyihalash xizmatlarini ko‘rsatgan.
Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida qiymati $900 mlnlik uchta logistika markazi qurilishi haqida yozgandi.
Maʼlumot uchun, 1946-yilda Londonda tashkil etilgan Arup loyihalash, muhandislik va qurilishni rejalashtirish hamda boshqarish sohasidagi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 140 dan ortiq davlat bilan hamkorlik qiladi va 37 mamlakatda ofislariga ega.


