OpenAI kompaniyasining birinchi iste’molchi qurilmasi ekransiz mobil aqlli karnay bo‘ladi. Bu haqda Bloomberg insayderi Mark Gurman yozmoqda.
Gadjet sun’iy intellekt davri uchun mo‘ljallangan mutlaqo yangi turdagi uy kompyuteri sifatida ishlab chiqilmoqda. U doim uyda bo‘ladigan, insonga o‘xshash SI hamroh sifatida yaratilmoqda.
Mark Gurmanning ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma aqlli uy tizimini boshqarishi, mediafayllarni ijro etishi hamda ChatGPT imkoniyatlari yordamida xabarlar va savollarga javob bera oladi.
Kolonkaning asosiy xususiyati uning o‘ziga xos “shaxsiyati” va insonga xos muloqot qila olish qobiliyati bo‘ladi. Buni GPT-Live ovozli rejimining ilg‘or versiyasi ta’minlaydi. Qurilma bir vaqtning o‘zida tinglay oladi, gapira oladi va ma’lumotlarni tez qayta ishlaydi.
Insayderlarga ko‘ra, kolonkaga atrof-muhitni tushunish uchun kamera va turli sensorlar o‘rnatiladi. Ichki akkumulyator esa uni kun davomida xonadan xonaga bemalol ko‘chirish imkonini beradi.
Texnologiya shaxsiylashtirilgan bo‘lib, foydalanuvchining ehtiyojlarini oldindan taxmin qila oladi. Buning uchun gadjet elektron xatlar kabi shaxsiy ma’lumotlarni ham tahlil qiladi.
Gurmanning ta’kidlashicha, bu kolonkani taqdim etish kompaniya uchun aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) oldidan muhim qadam bo‘ladi. Bu esa OpenAI’ning Apple, Amazon va Google kabi gigantlar bilan raqobatini yanada kuchaytiradi.
Gadjetni yaratish uchun OpenAI io Products startapini $6,5 mlrdga sotib olgan. Loyiha ustida Joni Ayvning LoveFrom dizayn studiyasi ham faol ishlamoqda.
OpenAI vakillarining ta’kidlashicha, ularning qurilmasi Apple’ning HomePod kolonkalaridan tubdan farq qiladi.
Gadjetning taqdimoti joriy yilda kutilmoqda, sotuvga esa 2027-yilda chiqarilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot Apple OpenAI’ni sirlarni o‘g‘irlashda ayblab, sudga bergani haqida yozgandi.