Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2026-yil iyun oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Iste’mol savatidagi 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotining 150 tasi (90%) yillik hisobda 10% dan kam qimmatlashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida bodring (+53,8%) eng ko‘p qimmatlashdi. Undan keyingi o‘rinlarda limon (+34,6%), karam (+24%), qo‘y go‘shti (+23,1%), olma (+21,4%), mol go‘shti (suyaksiz) (+20,6%) va mol go‘shti (+18,5%) qayd etildi.
Eng ko‘p arzonlashgan mahsulotlar esa sabzi (-25%), sarimsoq (-24,6%), tarvuz (-20,8%), baqlajon (-19,7%), piyoz (-19,3%) hamda shaftoli (-15,3%) bo‘ldi.
Bundan tashqari, iste’mol savatidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotining 232 tasi (92%) yillik hisobda 10% dan kam qimmatlashgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari orasida propan (+41,1%) narxi eng ko‘p oshdi. Keyingi o‘rinlarda nikoh uzugi (+23,1%), gazeta (+17,5%), sement (+12,6%), metan (+10,1%) va sigaret (+8,1%) qayd etildi.
Bu segmentda yirik oshxona jihozlari (-2,7%), ovqat tayyorlash uchun kichik priborlar (-2,1%), kastryul (-2%), ichimlik tayyorlash uchun kichik priborlar (-1,9%) hamda kichik maishiy priborlar (-1,6%) eng ko‘p arzonlashgan mahsulotlar bo‘ldi. Yengil avtomobillar narxi esa o‘tgan yilga nisbatan o‘zgarmagan.
Shuningdek, iste’mol savatidagi 98 turdagi xizmatning 75 tasi (77%) bo‘yicha yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi.
Xizmatlar orasida shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8%) eng katta o‘sishni qayd etdi. Shuningdek, chiqindi tashlash (+29,2%), muzey xizmatlari (+21,1%), elektron to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazmalari (+18,6%), haydovchilik kurslari (+18,1%), tramvay yo‘l haqi (+15,5%) va teatr xizmatlari (+14,9%) qimmatlashdi.
Aksincha, xalqaro aviaqatnov (-8,7%), ichki aviaqatnov (-5,6%), pul o‘tkazmalari uchun haq (-5,5%), nodavlat OTMda o‘qish (-0,5%) hamda mikromoliyaviy xizmatlar (-0,02%) narxi pasaydi.
Shuningdek, suyultirilgan gaz, metro yo‘l haqi, mobil internet, mustahkam o‘rnatilgan aloqa xizmati uchun abonent to‘lovi, davlat OTMlari va bog‘chalarida o‘qish hamda bank kreditlarini sug‘urtalash narxlari o‘zgarishsiz qoldi.
Avvalroq Spot Milliy statistika qo‘mitasi uy-joy narxlarini yangi usulda hisoblay boshlagani haqida yozgan edi.