18-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroporti Rossiyaning Nordwind Airlines aviakompaniyasining Qozon-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysini qabul qildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Aviatsiya an‘anasiga muvofiq, yangi yo‘nalishning ochilishi munosabati bilan samolyot aeroportda suv arkasi ostida kutib olindi.

Ilk reys bilan Toshkentga 220 nafar yo‘lovchi yetib keldi. Shu kuni Qozonga amalga oshirilgan qaytish reysida esa 207 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Qozon va Toshkent o‘rtasidagi qatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

Reyslar dushanba va juma kunlari Qozondan, seshanba va shanba kunlari esa Toshkentdan bajariladi. Parvoz davomiyligi taxminan 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi.

Nordwind Airlines mazkur yo‘nalishda muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan beshinchi aviatashuvchi bo‘ldi.

Hozirda Toshkent-Qozon yo‘nalishida Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero ham muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.

Joriy yilning iyunida Nordwind Airlines Toshkent-Qozon yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgani aytilgandi.

Spot, avvalroq, SunExpress 1-avgustdan Toshkent-Izmir o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.