Toshkent viloyati shaharlarida avtobus yo‘lkirasi narxi oshirildi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 20-iyuldagi qarorida ma’lum qilingan.
Viiloyat shaharlarida jamoat transporti uchun yangi tarif tizimi bo‘yicha tegishli qarorga ko‘ra, elektron to‘lovni ommalashtirish maqsadida naqd va naqdsiz to‘lovlar uchun alohida tariflar joriy etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, transport yoki bank kartasi orqali bir martalik yo‘l haqi 2 ming so‘m etib belgilandi. Naqd pul bilan to‘lov qilgan yo‘lovchilar esa 2600 so‘m to‘laydi. Bu elektron to‘lov tarifidan 30% yuqori hisoblanadi. Shuningdek, bir dona yukni tashish uchun ham 2600 so‘m undiriladi.
Qaror bilan qatnovlar soniga qarab amal qiladigan tarif rejalari ham tasdiqlandi. Oddiy yo‘lovchilar uchun:
- 1 kunlik tarif — 8 ming so‘m;
- 5 kunlik — 34 ming so‘m;
- 7 kunlik — 51 ming so‘m;
- 30 kunlik — 200 ming so‘m;
- 90 kunlik — 600 ming so‘m;
- 180 kunlik — 1,2 mln so‘m;
- 365 kunlik — 2,4 mln so‘mni tashkil etadi.
Pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, talabalar va o‘quvchilar uchun esa imtiyozli tariflar joriy qilinadi. Masalan, ular uchun bir kunlik tarif 4 ming so‘m, 30 kunligi 100 ming so‘m, 365 kunligi esa 1,2 mln so‘m etib belgilangan. Qonunchilikka muvofiq bepul yurish huquqiga ega fuqarolar esa transportdan bepul foydalanishda davom etadi.
Bundan tashqari, transport kartasi orqali to‘lov qilgan yo‘lovchilar uchun almashish (transfer) tizimi joriy etiladi. Birinchi avtobusga chiqishda 2 ming so‘m to‘lanadi, bir soat ichida ikkinchi avtobusga o‘tilganda 1000 so‘m undiriladi, uchinchi va undan keyingi avtobuslarda esa qo‘shimcha to‘lov olinmaydi. Hisob birinchi to‘lov amalga oshirilgan vaqtdan boshlanadi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Nurafshon, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlarida bosqichma-bosqich infokiosklar o‘rnatiladi. Ular elektr tarmoqlariga ulanadi hamda pochta bo‘limlari va ATTO operatori filiallarida transport kartalarini sotish yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, brutto shartnoma asosida ishlaydigan barcha shahar avtobuslarida yo‘lkirani naqdsiz qabul qilish amaliyoti to‘liq joriy etiladi. Shuningdek, yangi tariflar ommaviy axborot vositalari va viloyat hokimligining rasmiy saytida e’lon qilinadi. Hujjat qabul qilingan kundan kuchga kirdi.
Avvalroq Spot 1-sentabrdan avtobuslarda yo‘lkira faqat unga chiqishda to‘lanishi haqida yozgandi.
Belgilangan tartibda yo‘lkira to‘lanmagan yoki tasdiqlanmagan hollarda, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz harakatlangan deb hisoblanadi.