Janubiy Koreyaning Hyundai Motor kompaniyasi xodimlari ish haqi bo‘yicha muzokaralar natija bermagach, uch kunlik qisman ish tashlashni boshladi.
Biroq bu galgi norozilikning asosiy sababi faqat maosh emas — xodimlar sun’iy intellekt va gumanoid robotlar ishlab chiqarishga joriy etilishi tufayli ish o‘rinlari qisqarishidan xavotir bildirmoqda.
Kasaba uyushmasi ishlab chiqarish liniyalarida ishlovchi xodimlarning ish vaqtini har kuni to‘rt soatga qisqartirishga qaror qilgan.
Agar tomonlar kelisha olmasa, ish tashlashni uzaytirish yoki yanada keskin choralar ko‘rish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Tahlillarga ko‘ra, uch kunlik ish tashlash kompaniyaga har soatda qariyb $12,5 mln, umumiy hisobda esa 200 mlrd von (taxminan $134 mln) atrofida zarar yetkazishi mumkin.
Kasaba uyushmasi bir nechta talablarni ilgari surgan. Xususan, ishlab chiqarish xodimlarining ish haqini soatbay tizimdan qat’iy oylik tizimiga o‘tkazish, bazaviy maoshni oyiga 149,6 ming vonga oshirish, yillik bonusni 800% gacha ko‘paytirish, o‘tgan yilgi sof foydaning 30%ini bonus sifatida taqsimlash hamda pensiya yoshini 60 yoshdan 65 yoshgacha uzaytirish so‘ralmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt va robotlar joriy etilishi sabab ish o‘rinlari qisqarmasligi bo‘yicha kafolatlar ham talab qilinmoqda.
Hyundai esa xodimlarga oyiga 89 ming von miqdorida maosh oshirish, oylikning 350%i va qo‘shimcha 10 mln von bonus, shuningdek kompaniyaning 15 ta aksiyasini taklif qilgan. Ammo kasaba uyushmasi bu taklifni yetarli emas deb hisoblab rad etgan.
Xodimlarning xavotiri Hyundai’ning Boston Dynamics kompaniyasi ishlab chiqqan Atlas gumanoid robotlarini ishlab chiqarishda qo‘llash rejalari bilan bog‘liq.
Kompaniya 2028-yildan boshlab robotlarni AQSHdagi zavodlarida takrorlanuvchi va xavfli vazifalar uchun ishlatishni rejalashtirgan.
Janubiy Koreyadagi korxonalarda ularni qachon joriy etish bo‘yicha rasmiy muddat e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, kasaba uyushmasi avtomatlashtirish kelajakda ish soatlari va ish o‘rinlari qisqarishiga olib kelishidan xavotirda.
Mutaxassislarning fikricha, Hyundai’dagi mojaro avtomobil sanoatida sun’iy intellekt va gumanoid robotlar sabab yuzaga kelgan ilk yirik mehnat nizolaridan biri bo‘lib, uning natijasi boshqa yirik ishlab chiqaruvchilar uchun ham muhim signal bo‘lishi mumkin.