Umid Gafurov — dastlab anonim ko‘ngilochar loyiha sifatida ish boshlagan, bugun esa O‘zbekistondagi eng taniqli bloglardan biriga aylangan Troll.uz asoschisi va muallifi.

Blog o‘quvchilar e’tiborini keskin uslubi, istehzoli ohangi, monopoliyalarga qarshi qat’iy pozitsiyasi va muallifning ochiq fikrlari bilan qozongan. Vaqt o‘tishi bilan Troll.uz bir nechta loyihalarni birlashtirgan ekotizimga aylandi.

Bugungi kunda brend tarkibida mualliflar uchun merch va donat platformasi Tirikchilik, Tanish Bilish reklama agentligi hamda yaqinda Toshkent markazida ish boshlagan oflayn do‘kon faoliyat yuritmoqda. Ushbu loyihalarning barchasi mahalliy mualliflarni qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tilidagi kontentni rivojlantirish va donat madaniyatini ommalashtirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Umid Gafurov Spot’ga bergan intervyusida o‘z faoliyati, davlat organlari bilan yuzaga kelgan muammolar va trollingni qanday qilib biznesga aylantirgani haqida so‘zlab bergan edi. Bu safar esa u dunyoqarashi va ishga bo‘lgan yondashuviga eng katta ta’sir ko‘rsatgan kitoblar bilan o‘rtoqlashdi.


books, troll, umid gafurovUmid Gafurov,

Tanish Bilish kreativ marketing agentligi asoschisi, Troll.uz Telegram-kanali muallifi.

Ochig‘ini aytsam, kitob o‘qish foydali ekanini yaxshi bilaman. Lekin o‘zimni kitobsevar deb ayta olmayman.

Klassik ma’nodagi mutolaa uchun vaqt topish men uchun qiyin. Qiziqishim ma’lum bir mavzuga uyg‘onsa, o‘sha yo‘nalishdagi maqolalar, tadqiqotlar va qisqa tahlillarni ishtiyoq bilan o‘qiyman. Kitoblarga kelganda esa, ko‘pincha Toshkent tirbandliklarida audiokitoblarni tinglayman.

Badiiy adabiyot va romanlarni deyarli o‘qimayman. Meni ko‘proq avtobiografiyalar, real voqealar va amaliy foyda beradigan kitoblar qiziqtiradi. Haqiqiy insonlarning tajribasi men uchun eng qimmatli manba.

Shu bois meni kitobsevar deb atash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Axborotni jarayonning o‘zi uchun emas, uni amalda qo‘llash uchun iste’mol qilaman. Uyimda katta shaxsiy kutubxona yo‘q, yangi kitob hididan zavqlanadigan odamlardan ham emasman. Men uchun eng muhimi — mazmun.

Qog‘oz kitobni qo‘lda ushlab o‘qishning alohida zavqi bor. Biroq vaqtim doim cheklanganligi sababli elektron qurilmalar men uchun qulayroq. Audiokitoblar esa bundan ham qulay, ammo ularning kamchiligi ham bor: fon rejimida tinglayotganda e’tibor tez-tez chalg‘iydi va mazmunning salmoqli qismini o‘tkazib yuborish mumkin.

Umuman olganda, o‘qiganimiz, ko‘rganimiz va eshitganimizning barchasi bizga ma’lum darajada ta’sir qiladi, deb o‘ylayman. Hatto mayda ma’lumotlar ham ongostida saqlanib qoladi. Kerakli vaziyatda esa miya ularni bir-biriga bog‘lab, to‘g‘ri qaror topishga yordam beradi. Men buni amaliyotda ko‘p bor his qilganman.

Quyida dunyoqarashim va faoliyatimga eng katta ta’sir ko‘rsatgan beshta kitob haqida so‘zlab beraman.

“Tom Soyerning sarguzashtlari”, Mark Tven

Bu kitobni juda bolaligimda o‘qiganman. Agar uning romantik va sarguzasht ruhini bir chetga qo‘ysak, men uchun u marketing, netvorking va ishni taqsimlash bo‘yicha yozilgan eng yaxshi qo‘llanmalardan biri.

Asarning bosh qahramoni — doim sarguzashtlarga aralashib qoladigan, biroq har qanday vaziyatdan o‘z foydasiga yo‘l topa oladigan topqir va tadbirkor bola. Aynan shu xususiyati kitobni bolalar sarguzashtidan ko‘ra hayot va biznes haqidagi kuzatuvlarga boy asarga aylantiradi.

Bunga eng yaxshi misol — dam olish kuni devorni bo‘yash jazosi. Tom tushkunlikka tushib, qora mehnatni o‘zi bajarish o‘rniga, mahoratli aktyorlik va to‘g‘ri yondashuv orqali devor bo‘yashni har kimga ham nasib etavermaydigan sharafli bir imtiyozdek ko‘rsata oladi. Oqibatda mahalla bolalari nafaqat butun ishni uning o‘rniga bajarib berishadi, balki bu “imkoniyat” uchun o‘zlarining eng qimmatli “boyliklari"ni ham Tomga qo‘shqo‘llab topshirishadi.

Yillar o‘tib angladimki, bu sahna aslida mahsulotni qanday qadrlashga majbur qilish, odamlarning qiziqishini uyg‘otish va qiymatni to‘g‘ri taqdim etish haqida. Oqartirilgan o‘sha devor obrazi hanuzgacha xotiramda saqlanib qolgan, chunki u menga eng oddiy narsani ham to‘g‘ri yondashuv bilan qimmatli va jozibador ko‘rsatish mumkinligini o‘rgatgan.

Kitobni albatta o‘qishni yoki qayta o‘qishni tavsiya qilaman. Menimcha, bu shunchaki bolalar romani emas.

books, troll, umid gafurov


“Stiv Jobs”, Uolter Ayzekson

Bu — Apple asoschisi Stiv Jobs haqida yozilgan eng samimiy va bezaksiz biografiyalardan biri. Kitob Jobsning o‘zi, uning raqiblari, do‘stlari va hamkasblari bilan o‘tkazilgan o‘nlab intervyular asosida yaratilgan.

Muallif Jobsni afsonalashtirishga urinmaydi. Aksincha, uning kuchli va zaif tomonlarini birdek ochib beradi. Kitobda u murakkab xarakterli, ba’zan esa mutlaqo murosasiz rahbar sifatida tasvirlanadi. Hatto kulrang rangning noto‘g‘ri tusini tanlagani uchun xodimlarini yig‘latib yuborgan holatlari ham keltiriladi.

Shu bilan birga, garajdagi kichik startap qanday qilib dunyo texnologiya bozorini o‘zgartirgan kompaniyaga aylangani bosqichma-bosqich hikoya qilinadi. Aslida, Jobs butun sanoatning rivojlanish yo‘nalishini o‘zgartirib yuborgan insonlardan biri edi.

Menga eng katta taassurot qoldirgan jihat esa uning tafsilotlarga bo‘lgan cheksiz e’tibori va mukammallikka deyarli maniakal darajadagi intilishi bo‘ldi. Kitobni o‘qigach, Apple muvaffaqiyatining asl sababi omad yoki qulay sharoit emasligini yanada chuqurroq angladim. Bu muvaffaqiyat ortida mahsulotning eng mayda detallarigacha murosasiz talab qo‘ya oladigan inson turardi.

Agar siz avtobiografiyalarni yoqtirsangiz yoki buyuk kompaniyalar qanday yaratilishi bilan qiziqsangiz, bu kitobni albatta o‘qishni tavsiya qilaman.

books, troll, umid gafurov


“Hokimiyatning 48 qonuni”, Robert Grin

Bu kitobni menga do‘stim Azizbek Kurbonov (AK Capital konsalting kompaniyasi asoschisi — Spot izohi) tavsiya qilgan edi.

Menimcha, bu ijtimoiy va korporativ muhitda omon qolish bo‘yicha eng pragmatik, realistik va hatto biroz kinoyali qo‘llanmalardan biri. Muallif tarixdagi strateglar, hukmdorlar va diplomatlar tajribasini jamlab, ulardan 48 ta qat’iy qonunni shakllantirgan. Kitob inson tabiatini ortiqcha romantizmsiz tushuntiradi: odamlar bir-birini qanday boshqarishi, manipulyatsiya qilishi va bunday vaziyatlarda o‘zingizni qanday himoya qilish mumkinligini ko‘rsatadi.

Menga kitobdagi eng katta taassurot qoldirgan jihat — undagi tarixiy misollarning ko‘pligi. Muallif deyarli har bir fikrini real voqealar bilan asoslaydi, shu bois kitobdagi har bir xulosa yanada ishonarli tuyuladi.

Jamiyat bilan muntazam muloqot qiladigan har qanday insonga bu kitobni tavsiya qilaman. Nomi keskin tuyulishi mumkin, ammo uning asosida sof psixologiya va pragmatik yondashuv yotadi.

books, troll, umid gafurov


“Biznesni noldan boshlash”, Erik Ris

Bu kitob biznesni boshlash haqidagi odatiy qarashlarga boshqacha nazar tashlashga majbur qiladi. Ko‘pchilik tadbirkorlar avval mukammal mahsulot yaratishga urinadi, oylar, ba’zan esa yillar davomida uni sayqallaydi. Bozorga chiqqanida esa mahsulotga talab deyarli yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Erik Ris esa buning o‘rniga Lean Startup yondashuvini taklif qiladi: avval minimal ishlaydigan mahsulotni (MVP) yarating, uni imkon qadar tezroq mijozlarga taqdim eting, ularning fikrini oling va mahsulotni aynan shu fikrlar asosida rivojlantiring.

Startapim ustida ishlayotgan paytimda aynan shu kitobga duch keldim. U Lean yondashuvi qanday ishlashini sodda va tushunarli misollar orqali izohlab beradi. Eng muhimi, kitob bir fikrni qayta-qayta eslatadi: hech kimga kerak bo‘lmagan mahsulotni yaratishga vaqt, kuch va mablag‘ sarflamaslik kerak.

Kitobdagi yondashuvlarni o‘qiboq amaliyotga tatbiq eta boshladim. Hozir ham loyihamda Lean tamoyillarini sinab ko‘ryapman va asta-sekin perfeksionizmdan voz kechishni o‘rganyapman.

Startap yoki biznes boshlamoqchi bo‘lgan, shuningdek, yangi g‘oyalarni ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflamasdan sinab ko‘rishni istaydigan har bir kishiga bu kitobni tavsiya qilaman.

books, troll, umid gafurov


“1984”, Jorj Oruell

Bu kitob haqida eshitmagan odam topilmasa kerak. U allaqachon klassikaga aylangan va, menimcha, o‘qilishi shart bo‘lgan asarlardan biri.

Bu — davlat inson hayotining barcha jabhalarini nazorat qiladigan totalitar jamiyat haqidagi eng mashhur antiutopiyalardan biri. Asarda nafaqat odamlarning harakati va oladigan axboroti, balki ularning fikri va hissiyotlari ham nazorat ostida. Bosh qahramon esa tarix har kuni qayta yoziladigan, har qadam kuzatiladigan va “Urush — bu tinchlik, ozodlik — bu qullik, bilimsizlik — bu kuch” kabi shiorlar haqiqat o‘rnini egallagan dunyoda yashaydi. Oruell propagandaning qanday ishlashi va tushunchalarni qanday qilib asta-sekin o‘zgartirish mumkinligini daholik bilan ko‘rsatib beradi.

Odatda romanlarni unchalik yoqtirmayman. Ammo bu kitobning eng qiziq tomoni shundaki, u badiiy asardan ko‘ra bugungi kun voqealari haqidagi xronikani eslatadi. Aynan shu hissiyot u haqda uzoq vaqt unutmasligimga sabab bo‘lgan.

Men uchun bu antiutopiya zamonaviy dunyoning o‘ziga xos ko‘zgusiga aylandi. Ba’zan kitobni qariyb sakson yil avval emas, go‘yo kecha yozilgandek his qilasiz.

Bu asarni hech qanday istisnosiz hammaga tavsiya qilaman. Aytgancha, fursatdan foydalanib, hozir aynan shu matnni o‘qib turgan “Katta Aka"ga ham salom yo‘llayman.

books, troll, umid gafurov