Buyuk Britaniya hukumati immigratsiya tizimini to‘liq raqamlashtirishni yakunlab, vizalarni eVisa (elektron viza) formatida berishga o‘tdi.
Endi aksariyat yangi murojaatchilar pasportiga yopishtiriladigan an’anaviy viza stikeri (vignette) o‘rniga faqat elektron viza oladi.
Bu tizim 2026-yil 25-fevraldan bosqichma-bosqich joriy etilgan bo‘lsa, 2026-yil 1-iyuldan UK Visas and Immigration (UKVI) yangi murojaatchilar uchun viza stikerlarini berishni to‘xtatdi.
eVisa — bu pasportga yopishtiriladigan stiker emas, balki Buyuk Britaniyada bo‘lish huquqini tasdiqlovchi raqamli immigratsiya maqomi. U UKVI tizimidagi shaxsiy akkauntga bog‘lanadi va internet orqali ko‘riladi. Sayohat qilishdan oldin foydalanuvchi pasportini UKVI akkauntiga ulashi kerak.
Vizasi tasdiqlangan aksariyat murojaatchilar endi pasportiga stiker olmaydi. Ariza ko‘rib chiqilayotgan paytda pasport vizaga yopishtirish uchun ushlab qolinmaydi va egasiga qaytariladi.
Sayohatdan oldin eVisa UKVI akkaunti orqali tekshiriladi, aviakompaniyalar hamda chegara xizmati esa yo‘lovchining immigratsiya maqomini elektron tarzda tasdiqlaydi.
Yangi tartib tashrif (visitor), ish, o‘qish, oilaviy va boshqa ko‘plab viza turlariga murojaat qilayotgan shaxslarga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaga qisqa muddatli safar uchun vizaga muhtoj bo‘lmagan ayrim davlat fuqarolari avvalgidek ETA (Electronic Travel Authorisation) tizimidan foydalanishda davom etadi.
ETA va eVisa bir-biridan farq qiladi: ETA vizasiz kiruvchilar uchun elektron ruxsatnoma bo‘lsa, eVisa vizaga muhtoj shaxslarning raqamli immigratsiya maqomidir.
Britaniya Ichki ishlar vazirligi ta’kidlashicha, eVisa tizimi hujjatlarni qalbakilashtirish xavfini kamaytiradi, pasport yo‘qolgan yoki almashtirilgan taqdirda viza ma’lumotlarini oson yangilash imkonini beradi, chegaradagi tekshiruvlarni tezlashtiradi hamda immigratsiya xizmatlarini yanada zamonaviy va xavfsiz qiladi.
Mutaxassislar va ayrim huquq himoyachilari tizimga o‘tishda yoshi katta yoki raqamli xizmatlardan foydalanishi qiyin bo‘lgan odamlar muammolarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Shu sababli hukumat foydalanuvchilarga UKVI akkauntini oldindan yaratish va eVisa holatini tekshirib turishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Spot Yaponiya 1-iyuldan viza narxini besh barobarga oshirishi haqida yozgandi.
Yangi tariflarga ko‘ra, bir martalik viza $93 ga, ko‘p martalik viza esa $186 ga oshiriladi.