Adliya vazirligi qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 0% stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (paxta va g‘alladan tashqari) ro‘yxatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Prezidentning 2025-yil 4-sentabrdagi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (paxta va g‘alladan tashqari) realizatsiya qilishda QQSning 0% stavkasi qo‘llanilmoqda.
Yangi ro‘yxatga jami 516 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kiritilgan.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘langan QQS summasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga avtomatlashtirilgan tartibda uch kun ichida qaytarib beriladi.
O‘tgan yilning sentyabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026-yildan fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinishi taʼkidlangandi.
Keyinroq Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSning bekor qilinishi 48 mingdan ortiq fermerga ta‘sir qilishini aytgandi.
Spot, avvalroq, ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etgan tadbirkorlarga QQSning yarmi qaytarilishi haqida yozgandi.