Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hukumat qarori loyihasidan banklar tomonidan soliq organlariga ayrim ma‘lumotlarni avtomatik ravishda uzatishni tartibga soluvchi bandni chiqarib tashlashni tavsiya qildi. Tegishli e‘tirozlar hujjat loyihasi ekspertizasi yakunlari bo‘yicha xulosada keltirilgan.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning hisobvaraqlari va omonatlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Xususan, agar boshqa jismoniy shaxslardan (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) bir oy davomida kelib tushgan pul o‘tkazmalari summasi BHMning 500 baravaridan oshsa, fuqarolarning bank kartalariga tushgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim etish taklif qilinmoqda.

Biznes-ombudsman xulosasida taklif etilayotgan norma bir nechta yo‘nalishda takomillashtirishni talab qilishi qayd etilgan.

Jumladan, loyiha prezidentning 2025-yil 19-iyundagi PF-95-sonli farmoni talablariga to‘liq javob bermasligi ko‘rsatilgan. Prezident farmonida aynan shu mexanizm nazarda tutilgan bo‘lsa-da, hujjatda bunday mablag‘larni olgan shaxslar tomonidan jami yillik daromadni majburiy deklaratsiyalash tartibi yo‘qligiga e‘tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, Biznes-ombudsman keng jamoatchilik va tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini, shuningdek, loyihaning tadbirkorlik faoliyati manfaatlariga bevosita daxldor ekanligini inobatga olib, uni Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan avval Jamoatchilik kengashida dastlabki tarzda ko‘rib chiqish zarurligini ta‘kidladi.

Hujjat mualliflari bank sirini tashkil etuvchi ma‘lumotlarning soliqqa tortish bilan bog‘liqligi aniq bo‘lmagan hollarda taqdim etilishi tadbirkorlarning asosli e‘tirozlariga sabab bo‘lishi va yashirin iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Shuningdek, ekspertlar soliq organlariga taqdim etish taklif qilinayotgan ma‘lumotlarning bir qismi amaldagi mexanizmlar orqali allaqachon kelib tushayotganini ta‘kidladilar. Xususan, onlayn-NKM va virtual kassalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar fiskal ma‘lumotlar operatori orqali Soliq qo‘mitasiga allaqachon uzatilmoqda.

Yana bir e‘tiroz loyihaning Soliq kodeksiga mos kelmasligi bilan bog‘liq. Soliq kodeksining 134-moddasiga ko‘ra, banklar soliq organlariga ma‘lumotlarni yozma so‘rov asosida uch kun ichida taqdim etadi, loyihada esa ma‘lumotlarni avtomatik yoki davriy ravishda uzatish tartibi ko‘zda tutilgan.

Xulosada xalqaro amaliyot ham keltirilgan. Masalan, Yevropaning bir qator mamlakatlarida, jumladan, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniyada soliq organlari bank hisobvaraqlarining mavjudligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni olishlari mumkin, biroq hisobvaraqlar bo‘yicha mablag‘lar harakati to‘g‘risidagi ma‘lumotlar, odatda, faqat alohida protsessual qarorlar asosida so‘raladi.

Bundan tashqari, Biznes-ombudsman protsessual jihatga e‘tibor qaratdi. Loyiha bevosita tadbirkorlik faoliyatiga daxldor bo‘lganligi sababli, xulosada uni Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishdan oldin Jamoatchilik kengashida dastlabki tarzda ko‘rib chiqish zarurligi qayd etilgan.

O‘tkazilgan ekspertiza yakunlariga ko‘ra, xulosada banklar tomonidan soliq organlariga tegishli ma‘lumotlarni taqdim etishni tartibga soluvchi nizom loyihasining 9-bandini butunlay chiqarib tashlash tavsiya etiladi.

Spot, avvalroq, Biznes-ombudsman onlayn-kassa va markirovka qoidalari uchun jarimalarni yumshatishni taklif qilgani haqida yozgandi.