Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Soliq kodeksining 227−1-moddasida ko‘zda tutilgan jarimalarni qo‘llash mexanizmini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda Jamshid Urunov Spot‘ga bergan intervyusida so‘z yuritib, avvalroq Biznes-ombudsman tegishli normani qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqqanini eslatib o‘tdi.
Jarima miqdori butun kompaniyaning choraklik tushumiga nisbatan foizda hisoblanadigan amaldagi tizim bir filialdagi yakka qoidabuzarlik tufayli hatto yirik korxonalarning ham bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Biznes-ombudsman o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, jarimalarni hisoblash tamoyili asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Hozirda bir do‘kon yoki savdo shoxobchasida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilsa, sanksiya butun tarmoqning aylanmasidan kelib chiqib hisoblanadi.
“Tasavvur qiling: kompaniyaning 100 yoki 300 ta filiali bor. Muayyan bir savdo shoxobchasidagi bitta sotuvchi bitta mahsulotni sotishda qoidani buzsa, jarima butun kompaniyaning choraklik aylanmasidan kelib chiqib hisoblanadi”, — deb ta‘kidladi Jamshid Urunov.
Urunov yondashuvni o‘zgartirib, javobgarlikni faqat qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘linmaga yuklashni taklif qilganini ma‘lum qildi. “Men faqat qoidani buzgan sotuvchiga va bu holat sodir bo‘lgan filialning o‘zigagina nisbatan jarima qo‘llashni taklif qilganman”, — dedi u.
U, shuningdek, yirik kompaniya kichik bir umumiy ovqatlanish obyektidagi qoidabuzarlik tufayli ko‘p milliard so‘mlik jarimaga tortilgan shov-shuvli holatlardan birini esladi. Uning aytishicha, kompaniyaning asosiy faoliyati qurilish yoki to‘qimachilikka bog‘liq bo‘lgan, biroq qoidabuzarlik ichimliklar stakanlarga quyib sotiladigan kichik bir kafeda sodir bo‘lgan. Natijada birgina shu holat uchun korxonaga bir necha milliard so‘m miqdorida jarima solingan.
Shu bilan birga, Urunov raqamli markirovka tizimining o‘zini iqtisodiyot uchun zarur va foydali deb hisoblashini ta‘kidladi. Uning fikricha, bu tizim kontrafakt va hisobga olinmagan mahsulotlarga qarshi kurashishga yordam beradi, zero soliq to‘lanmaydigan tovarlar byudjetning tushmay qolgan daromadlarini qoplashga majbur bo‘layotgan halol biznes uchun qo‘shimcha yuk yaratadi.
Shunday bo‘lsa-da, Urunovning fikricha, bu maqsadlarga erishish haddan tashqari qattiq sanksiyalar bilan birga kechmasligi kerak.
“Iqtisodiyot va bozorni himoya qilish nuqtai nazaridan hisob-kitob yaxshi ekanini bilaman. Lekin bu tizim ishlashi uchun bunday drakoncha qoidalarni qo‘llashga men qo‘shilmayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Soliq kodeksining 227−1-moddasida, xususan, onlayn-kassalarni qo‘llash va tovarlarni raqamli markirovkalash bilan bog‘liq talablarni buzganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan. Birinchi qoidabuzarlik uchun jarima miqdori kompaniyaning oxirgi chorakdagi sof tushumining 2% ini tashkil etadi, takroriy qoidabuzarliklarda esa oshib boradi.
227−1 qanday modda?
227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yilning 11-martida kiritilgan va tasdiqlanganidan keyin uch oy o‘tib, 13-iyundan kuchga kirdi.
Mazkur moddada quyidagi talablar ko‘rib chiqiladi:
- fiskal belgilarni aks ettirish yoki avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
- soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash;
- ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish.
Ushbu talablarning buzilishi oxirgi chorakda olingan sof tushumga teng miqdordagi jarimaga olib keladi.
Bugungi kunda alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, suv va ichimliklar, dori-darmon, maishiy texnika, 2024-yilning 1-aprelidan esa gazlangan ichimliklar majburiy markirovka qilinishi shart. Mazkur me’yorlar umumiy ovqatlanish sektori, chakana va ulgurji savdo hamda ishlab chiqaruvchilarga taalluqli.
2023-yil oxirida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev 227−1-moddasiga asosan 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish (amnistiya)ni hamda jarima miqdorini qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
2024-yilning fevral oyida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha to‘liq masala hukumat darajasida yechilganini, yaxshi xabarlar bo‘lishini qayd etdi.
Undan keyin prezidentning tegishli farmoni bilan mazkur modda bilan tadbirkorlarga qo‘llanilgan jarima miqdorining 98%i hisobdan chiqarildi. O‘tgan davrda 1,5 ming nafar tadbirkorga 700 mlrd so‘mga yaqin jarima qo‘llanilgan.
2024-yilning may oyida prezident Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Birinchi fiskal huquqbuzarlik uchun jarima realizatsiya amalga oshirilgan chorakdagi tushumning 2%ini tashkil etadi. Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, u choraklik tushumning 20%igacha oshadi.
2026-yildan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda huquqbuzarliklar soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanadi.
Tekshiruv uchun maxsus guvohnoma talab etilmaydi hamda qoidabuzarliklar aniqlansa, bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik yana sodir etilganda esa, jarima qo‘llanadi.
Jarima miqdori quyidagicha:
- bir oy davomida birinchi marta — sof tushumning 0,2%i;
- bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4%i;
- bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1%i;
- bir yil ichida to‘rtinchi marta va undan keyingi holatlar — sof tushumning 2%i.
Spot, avvalroq, Biznes-ombudsman tabiiy monopoliyalarga namunaviy shartnomalarni u bilan kelishish majburiyatini yuklashni taklif qilgani haqida yozgandi.