Krantas brendi ostida texnika ishlab chiqaruvchi Nurafshon-maxsus-texnika korxonasi yiliga 10 ming donagacha yuk avtomobili va pikapni seriyali ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniya ta‘sischilaridan biri Akmal Karimov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, import o‘rnini bosish loyihasi doirasida korxona yuk ko‘tarish quvvati 2 tonnadan 32 tonnagacha bo‘lgan 10 turdagi yuk mashinasini ishlab chiqaradi. Buning uchun Turkiya, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridan ishlab chiqarish uskunalari allaqachon xarid qilingan. Uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirish ishlarini joriy yilning 3−4-choraklarida yakunlash rejalashtirilmoqda.

Nurafshon-maxsus-texnika korxonasidagi Krantas maxsus avtomobillari. Foto: Videodan kadr

“Biz yiliga 10 ming dona ishlab chiqarish quvvatiga ega yuk mashinalari va pikaplar ishlab chiqarish loyihasini tayyorlayapmiz. U ishga tushirilgach, 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi”, — deya ta‘kidladi Karimov.

Shuningdek, kompaniya Krantas 4×4 pikapi loyihasini ham taqdim etdi. Texnik xususiyatlarga ko‘ra, avtomobil quvvati 238 ot kuchiga teng bo‘lgan Yevro-6 ekologik standartidagi to‘rt silindrli benzinli dvigatel bilan jihozlanadi.

Pikap 8 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 265/60 R18 o‘lchamli shinalardan foydalaniladi. U AI-92 va AI-95 markali benzinda harakatlana oladi, e‘lon qilingan yoqilg‘i sarfi esa 100 kilometrga 14,5 litrni tashkil etadi. Avtomobilning ruxsat etilgan maksimal og‘irligi — 2850 kg. Korxona, shuningdek, pikaplarni Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarga eksport qilishni ham ko‘zlamoqda.

Pikap. Foto: Videodan kadr

Korxona rahbari Nuriddin Olimovning O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, 2023-yilda kompaniya birinchi marta og‘ir karyer samosvallarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. Dastlabki beshta mashina Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga topshirilgan va muvaffaqiyatli ekspluatatsiyadan so‘ng korxona yangi buyurtmalar olgan.

Ayni paytda Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun yuk ko‘tarish quvvati 240 tonna bo‘lgan karyer samosvali tayyorlandi. Olimovning so‘zlariga ko‘ra, korxonada karyer samosvallarining kuzovi, metall konstruksiyalari, ramasi, kabinasi, yurish ko‘priklari, shuningdek, yoqilg‘i va moy baklari ishlab chiqariladi, bu esa mashinaning 30% dan ortig‘ini tashkil etadi.

“Keyingi loyihalarda biz yangi turdagi karyer samosvallarini o‘zlashtirmoqchimiz, ya‘ni karyerlarda xizmat qilish uchun suv sepish karyer texnikalari. Bundan tashqari, bahaybat karyer samosvallarini tashish uchun mo‘ljallangan yarim tirkama maxsus texnikalarini o‘zlashtirishni va lokalizatsiya qilishni maqsad qilganmiz”, — dedi Olimov.

krantas, pikap, prezident, shavkat mirziyoyev, yuk mashinalari

240 tonnalik karyer avtoag‘dargichi. Foto: Prezident matbuot xizmati

Ishlab chiqarishni yana-da kengaytirish maqsadida Krantas Group Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 10 gektar maydonda yangi maxsus texnika zavodini qurishni rejalashtirmoqda. Yangi korxonaning ishga tushirilishi yiliga $15−18 mlnlik mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkonini berishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda birinchi mahalliy tank ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edi — u prezidentga namoyish etilgan.