Andijondagi tadbirkorning tizimdagi texnik xatolik oqibatida yechib olingan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘i qaytarildi. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, A.M.Z. aksiyadorlik jamiyati rahbari korxona hisobvarag‘idan noqonuniy yechib olingan mablag‘larni qaytarishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, korxona iyun oyida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha hisobotlarni topshirib, barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan.

Shunga qaramay, 17-iyun kuni tizimdagi texnik xatolik tufayli hisobvaraqqa takroran to‘lov topshiriqnomalari qo‘yilib, mablag‘lar yechib olingan.

Biznes-ombudsman aralashuvi ortidan viloyat soliq boshqarmasi tegishli xulosalarni G‘aznachilikka yubordi va natijada xato undirilgan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ korxona hisobvarag‘iga qaytarildi.

Spot, avvalroq, Biznes-ombudsman soliq idoralariga bank ma’lumotlarini avtomatik uzatishni bekor qilishni taklif qilgani haqida yozgandi.