AQSH Senatiga kiritilgan yangi qonun loyihasi Mercedes-Benz uchun jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, agar avtomobil ishlab chiqaruvchisining 15% dan ortiq ulushi xitoylik investorlarga tegishli bo‘lsa, uning avtomobillarini AQSHga import qilish, ishlab chiqarish va sotish taqiqlanishi mumkin.
Hozirda Mercedes aksiyalarining qariyb 10%i Xitoyning BAIC kompaniyasiga, yana 10% ga yaqini xitoylik tadbirkor Li Shufuga tegishli.
Biroq Mercedes bu qonun ularga tatbiq etilmasligini ta’kidlamoqda. Kompaniya izohiga ko‘ra, hech bir xitoylik aksiyador alohida hisobda 10% dan ortiq ulushga ega emas, ular kuzatuv kengashida ham qatnashmaydi va kompaniya boshqaruviga ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Mercedes, shuningdek, AQSH iqtisodiyotidagi o‘rnini ham eslatdi. Kompaniya faoliyati mamlakatda 160 mingga yaqin ish o‘rnini qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, Alabama va Janubiy Karolina shtatlaridagi zavodlar minglab amerikaliklarni ish bilan ta’minlaydi.
Qonun loyihasi Senatning Savdo, fan va transport qo‘mitasida muhokama qilinmoqda. Respublikachi senator Ted Kruz 15% lik mezonni butunlay bekor qilishni taklif qildi.
Uning fikricha, bu ko‘rsatkich AQSHning General Motors kompaniyasi foydasiga Germaniyaning Mercedes kompaniyasiga bosim o‘tkazish uchun tanlangandek ko‘rinadi.
Shu bilan birga, qonun tashabbuskorlari Mercedes savdosini taqiqlashni maqsad qilmaganini aytmoqda. Senator Berni Morenoning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilar zarur hollarda AQSH Savdo vazirligidan istisno tariqasida ruxsat so‘rashi mumkin.
AQSH Mercedes uchun ikkinchi eng yirik bozor hisoblanadi. Qonun loyihasi internetga ulangan avtomobillarga, ya’ni GPS, Wi-Fi yoki mobil aloqa tizimlariga ega mashinalarga taalluqli.
AQSH rasmiylari bunday avtomobillar orqali yig‘ilgan ma’lumotlar Xitoy hukumati qo‘liga tushishi mumkinligidan xavotirda.
Shu sababli yangi qoidalar Volkswagen va BMWga ham ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas, chunki ular ham xitoylik yetkazib beruvchilar bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Avvalroq Spot BMW AQSHda 29 mingdan ortiq avtomobilni qaytarib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qaytarib olishga brendning ayrim ommabop modellari o‘t oldirish tizimida aniqlangan jiddiy nosozlik sabab bo‘lgan.