O‘zbekiston va Afg‘oniston transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
26-iyul kuni Qobul shahrida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Afg‘oniston transport hamda aviatsiya vaziri Muhammad Fozil Mazlum uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida avtomobil tashuvlarini rivojlantirish, milliy tashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Afg‘oniston hududida O‘zbekiston tashuvchilaridan undiriladigan yig‘imlarni maqbullashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yig‘imlar miqdorini qisqartirish va ularni o‘zaro tenglik tamoyili asosida belgilash yuzasidan idoralararo ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini 10-avgustga qadar o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, xalqaro tashuvchilar faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish maqsadida Afg‘onistonning tegishli idoralari vakillari ishtirokida alohida uchrashuv tashkil etishga ham kelishildi.
2024-yil oktabr oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston hukumatlari o‘zbekistonlik tashuvchilar uchun to‘lovlarni kamaytirishga kelishgandi. Xususan, Afg‘oniston hududiga kirish yig‘imi 30% ga — 5 ming afg‘onidan 3,5 ming afg‘onigacha, Do‘stlik ko‘prigi orqali o‘tish to‘lovi esa 41,7% ga — 12 ming afg‘onidan 7 ming afg‘onigacha qisqartirilgan.
Spot, avvalroq, Toshkent bozorlardagi narxlarni ushlab turish uchun Afg‘onistondan oziq-ovqat xarid qilishi haqida yozgandi.